O‘zbekiston delegatsiyasi MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi majlisida ishtirok etyapti

    Joriy yil 21-22-noyabr Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasi (PA) Kengashining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ishtirok etyapti.

    Tashrifning birinchi kunida delegatsiyamiz vakillari Kengashning tashkiliy masalalarga qaratilgan majlisida ishtirok etdi.

    Majlisda MDH davlatlari PA Kengashi a’zolari tomonidan O‘zbekistonda parlament saylovining demokratik tamoyillariga mos ravishda shaffof va adolatli o‘tganligi e’tirof etildi. Siyosiy tadbirda saylovchilarning 75 foizi faol ishtiroki, shuningdek, deputatlarning 38 foizini ayollar tashkil etgani – mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich ekanligi alohida qayd etildi.

    Senat Raisi Tanzila Narbaeva saylov jarayonlari kuzatuvchilar guruhi vakillariga bildirilgan xolis fikrlari va tavsiyalari uchun minnatdorchilik bildirdi. Ular bergan tavsiyalarning chuqur o‘rganilishi, amaliyotga tatbiq etilishi ta'kidlab o‘tildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Delegatsiya a’zolarining MDH davlatlari PA Kengashi majlisidagi ishtiroki davom etyapti.