Oʻzbekiston delegatsiyasi MDH Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yigʻilishidagi ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 13 May 2022 1463

    2022-yil 13-mayda Dushanbe shahrida Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.

    Qozogʻiston Respublikasi raisligida oʻtkazilgan tadbirda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Qirgʻiz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, MDH Ijroiya qoʻmitasi delegatsiyalari ishtirok etdi.

    Yigʻilish ishtirokchilari xalqaro kun tartibi va Hamdoʻstlik doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, MDH davlat va hukumat rahbarlari Kengashlariga kiritiladigan koʻp tomonlama hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqdi.

    MDH ishtirokchi-davlatlari tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi sheriklikni faollashtirish boʻyicha Harakatlar dasturi va TIVlararo maslahatlashuvlar rejasining 2021-yildagi ijro natijalari tasdiqlandi.

    Belarus notarial palatasiga – notarial faoliyat sohasida, Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetiga – turizm sohasida MDHning tayanch tashkilotlari maqomini berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilindi.

    Yigʻilish davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi jahonda roʻy berayotgan voqealar va xalqaro munosabatlardagi oʻzgarishlarning jadalligi Hamdoʻstlikni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini taʼkidladi.

    Oʻzbekistonning 2020-yilda Hamdoʻstlikka raislik qilish davrida qabul qilingan Hamdoʻstlikni yanada rivojlantirish Konsepsiyasi va MDH iqtisodiy taraqqiyoti Strategiyasini amalda bajarish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirish taklif etildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Hamdoʻstlik sammitlarida ilgari surilgan MDH doirasidagi oʻzaro hamkorlik salohiyatini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy jarayonlarni liberallashtirish, taʼlim, fan, texnika, sogʻliqni saqlash, madaniyat sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, fuqarolarning farovonligi va turmush darajasini oshirish, shuningdek, anʼanaviy va yangi chaqiriq hamda tahdidlarga qarshi turishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Bu boradagi aniq qadamlarni keng muhokama qilish maqsadida MDH hamkorlari joriy yilda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan sanoat kooperatsiyasi va mintaqalararo hamkorlik, ijodiy va ilmiy ziyolilar forumlari, shuningdek, Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga taklif etildi.

    Yigʻilish yakunida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishini 2022-yil 13-oktyabrda Nur-Sulton shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.