Oʻzbekiston delegatsiyasi Ostonada boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 5 Dekabr 2023 445

    Joriy yil 4-dekabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Ostona shahrida 2023-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqotida Qozogʻiston Respublikasining raisligi yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

    Anjuman ishida Markaziy Osiyo parlamentlarining vakillari, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi direktori, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, davlat organlari, xalqaro va nodavlat tashkilotlarning vakillari, xalqaro ekspertlar qatnashdi.

    Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mintaqasida gender zoʻravonlikka qarshi kurashish va ayollar huquqlarini himoya qilishda parlamentlar va fuqarolik jamiyatining oʻrni hamda mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligi kabi mavzular muhokama qilindi.

    Yigʻilishda soʻzga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi mintaqa davlatlarining soʻnggi 3 yildagi faol hamkorligi va mushtarak faoliyati Muloqot muhim maydonga aylanganidan dalolat ekanini taʼkidladi.

    “Bizning platformamiz gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan yagona tuzilmaga aylandi. Bu ishtirokchi mamlakatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi va butun mintaqamiz uchun umumiy boʻlgan dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish imkonini berdi. Biz bilan birgalikda xotin-qizlarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati ham faollashdi. Ularning bugungi tadbir ishida keng ishtirok etishi mintaqada xotin-qizlarni birlashtirishda yuqori darajaga erishilganidan dalolatdir”, – deb qayd etdi Senat Raisi.

    Yigʻilishda kun tartibidagi ayollarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish va unga barham berish, mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligini taʼminlash kabi masalalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.

    Shuningdek, Muloqot doirasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob etilib, faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash yuzasidan fikr almashildi.

    Muloqotda raislik muddati bir yil boʻlgani sababli 2024-yilda uni boshqa davlatga oʻtkazish masalasi ham koʻrib chiqildi va raislik Qirgʻiz Respublikasiga oʻtdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Taʼkidlash joiz, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqa parlamentlari ayol aʼzolari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun norasmiy platforma hisoblanadi. Muloqot BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va “BMT Ayollar” tashkiloti koʻmagida tashkil etilgan va faoliyat yurityapti. Muloqot rasman 2020-yil dekabr oyida ish boshlagan. 2021-yilda Oʻzbekiston, 2022-yilda esa Turkmaniston Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilgan.