Oʻzbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan BAAda boʻlib turibdi

    Xalqaro hamkorlik 3 Fevral 2023 672

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi dasturi doirasida “Vahat Al Karama” yodgorlik majmuasi va “Shayx Zoid” masjidida boʻldilar.

    “Vahat Al Karama” yodgorlik majmuasida uning ijrochi direktori Shayx Xalifa bin Tahnun bin Muhammad Ol Nahayon Oʻzbekiston delegatsiyasini kutib oldi.

    “Qadr-qimmat vohasi” maʼnosini anglatuvchi ushbu memorial BAA Prezidenti Shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahoyonning buyrugʻi bilan Birlashgan Arab Amirliklari ozodligi va birdamligi uchun qurbon boʻlganlar sharafiga bunyod etilgan.

    Oliy Majlis Senati Raisi Amirliklar uchun oʻz jonini fido qilgan qahramonlarga hurmat bajo keltirdi va majmuaning Faxriy mehmonlar kitobida dastxat qoldirdi.

    Shundan soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi “Shayx Zoid” masjidiga tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari masjidning tashkil etilishi tarixi bilan yaqindan tanishdi.

    “Shayx Zayd” masjidi BAA asoschisi Shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayonning gʻoyasiga koʻra bunyod etilgan boʻlib, majmuaning asosiy maqsadi mahalliy aholi va poytaxt mehmonlari uchun turli xalqlar madaniyatini bogʻlaydigan maxsus ziyorat maskanini yaratishdan iborat boʻlgan. Masjid 106 metr balandlikdagi toʻrtta minora bilan oʻralgan.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari “Shayx Zoid” masjidining Faxriy mehmonlari kitobida oʻz dastxatini qoldirdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.