Muloqotda Haj va umra vaziri ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik ravnaq topayotgani, haj va umra ziyoratchilari soni keskin oshayotgani, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Ikki Muqaddas masjid xodimi, Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani alohida qayd etildi.
Tavfiq bin Favzon Rabia soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tomonidan haj va umra ziyoratlarini yuqori darajada tashkil etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Oʻzbekiston tomoni Saudiya hukumatining haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish borasidagi saʼy-harakatlarini ijobiy baholagan holda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar, Samarqandda bunyod etilayotgan Imom Buxoriy innovatsion muzeyi, Toshkent shahrida qad rostlayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida atroflicha maʼlumot berdi. Tavfiq bin Favzon Rabia bunday ulkan bunyodkorlik ishlariga har jihatdan amaliy koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Shu kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi va Malayziya din ishlari vaziri, senator, doktor Hoji Muhammad Naim bin Hoji Muxtor bilan ham oʻzaro hamkorlik aloqalarini ravnaq toptirish yuzasidan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvlar doʻstona ruhda va yuqori kayfiyatda boʻlib oʻtdi.