Tashrifning dastlabki kunida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Finlyandiyaning Taʼlim va madaniyat vazirligi rahbariyati bilan uchrashishdi.

Uchrashuv davomida Finlyandiya Taʼlim va madaniyat vazirligi vakillari taʼlim sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi boʻyicha taqdimot oʻtib berishdi. Shuningdek, tomonlar fin taʼlim tajribasini oʻrganish yuzasidan hamkorlik aloqalarining bugungi kundagi holati va istiqboldagi rejalarni muhokama qilishdi.

Qayd etish lozim, 2020-yilning 30-oktyabr kuni mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalari muhokamasi boʻyicha prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼlim sifatini oshirishda rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish boʻyicha vazifalar belgilanib, bu borada Finlyandiya tajribasi misol qilib keltirilgandi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2020-yilning 6-noyabrdagi “Taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4884-sonli qarorda ham Finlyandiyaning taʼlim sohasidagi tajribasini, shu jumladan oʻquv dasturlari, darsliklari, oʻqitish metodikalari va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini xorijga xizmat safarini tashkil etgan holda oʻrganib chiqish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan.

Bundan tashqari, tashrifning bugungi kun dasturidan Finlyandiyaning qabul imtihonlari byurosi faoliyatini oʻrganish, maktab darsliklari bilan tanishish hamda kitoblarni chop etuvchi noshirlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish, shuningdek, 3-11 yoshdagi bolalarning aniq fanlar boʻyicha imtihonlarini kuzatish kabi tadbirlar oʻrin olgan
Tashrif tafsilotlari haqida keyingi xabarlarimizda batafsil axborot berib boriladi.