Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlis Senati a'zosi, O‘zbekiston Qahramoni, «Nuroniy» Respublika jamg‘armasi boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiev boshchilik qildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad TDTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, madaniy-tarixiy merosni asrab-avaylash, gumanitar hamkorlikni rivojlantirish va keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Yig‘ilishda davlatlararo o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim tashabbuslar, shuningdek, Oqsoqollar kengashining turkiy dunyo xalqlari o‘rtasidagi muloqotni qo‘llab-quvvatlash platformasi sifatidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan yangi loyihalar muhokama etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Sodiqjon Turdiev tadbirdagi nutqida, yoshlar tarbiyasida, an’ana va madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashda oqsoqollar muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. U O‘zbekiston TDT ishtirokchi-davlatlari fuqarolarining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini ta’kidladi. Bundan tashqari, Sodiqjon Turdiev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning TDT Oqsoqollar kengashi nomini o‘zgartirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi va ularda ijtimoiy ta’minot, madaniy almashinuv va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.