Tadbirda UNESKO rahbariyati, Bosh konferensiya va Ijroiya kengashi tarkibi hamda Tashkilotga aʼzo davlatlar delegatsiyalari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston tomon Prezident Sh.M.Mirziyoyev nomidan UNESKO Bosh direktori Odri Azuleni ikkinchi muddatga saylangani bilan samimiy qutladi. Tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonda UNESKO vakolatiga kiruvchi sohalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Madaniyat, taʼlim, fan va axborot sohalarini moliyalashtirishni kengaytirish, Jahon merosi obyektlarining 3D nusxalarini yaratish uchun zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishni yoʻlga qoʻyish, Prezidentning taʼlim sohasida “Yangi Oʻzbekiston” va ilm-fan sohasida “Uchinchi Renessans” keng koʻlamli dasturlarini amalga oshirish kabi jihatlar alohida qayd etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston va UNESKO oʻrtasidagi keyingi yillarda mustahkamlangan oʻzaro munosabatlar masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi. Oʻzbekiston hukumatining UNESKO va unga aʼzo davlatlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, “Xiva jarayoni” platformasini ishga tushirish, maktabgacha taʼlim sohasida Global forum oʻtkazish va UNESKO doirasidagi Abu Rayhon Beruniyning 1050-yilligini nishonlash boʻyicha respublika tashabbuslarini ilgari surish tarafdori ekanligini bildirildi.
UNESKO bilan oʻzaro hamkorlikni faollashtirish boʻyicha istiqboldagi rejalarga muvofiq, respublika aʼzolikka oʻz nomzodini koʻrsatgan Ijroiya kengashi va Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha Hukumatlararo qoʻmita faoliyatida Oʻzbekistonning ishtirokini oshirish, “Baxshi sanʼati” va “Ipak yoʻling Zarafshon-Qayroqqum yoʻlagi” tegishli roʻyxatlarga kiritish, Xalqaro axborotdan foydalanish kunini nishonlash boʻyicha global konferensiya tashkil etish, shuningdek, universal kirish, bioxilma-xillik va geoparklarni targʻib qilish kabi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratilmoqda.
Umumsiyosiy debatlarda 50 ga yaqin davlat delegatsiyasi rahbarlari, jumladan, tashqi ishlar, taʼlim, madaniyat, fan va sport vazirlari maʼruza qildilar. Delegatlar oʻz maʼruzalarida YUNESKO faoliyatining turli jihatlariga toʻxtalib oʻtdi. Tashkilotga aʼzo mamlakatlar va tashkilot oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi. UNESKO ning oʻz vakolatlari doirasidagi asosiy yoʻnalishlarini ilgari surish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar bildirildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.








