Oʻzbekiston delegatsiyasining Dushanbega safari samarali yakun topdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2020 1186

    Bugun Tojikiston poytaxtida “Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi, Oʻzbekiston – Tojikiston strategik sherikligida yangi sahifa” mavzusidagi ikki kunlik ilmiy-amaliy konferensiya yakunlandi.

    Konferensiya doirasida ilmiy-tadqiqot, tahlil markazlari va oliy oʻquv yurtlari vakillari oʻrtasida alohida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar chogʻida hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi, manfaatli sohalarda sheriklikni yana-da rivojlantirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi.

    Xususan, Oʻzbekiston iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Iqtisodiyot va demografiya instituti oʻrtasida, shuningdek, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi bilan Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Sanʼatshunoslik instituti oʻrtasida anglashuv memorandumlari imzolandi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Fizik-texnika instituti bilan ilmiy hamkorlikka doir shartnoma tuzdi.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Seysmologiya instituti va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Geologiya, zilzilalarga chidamli qurilish va seysmologiya institutlari ham seysmologiya sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib oldi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti bilan Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining Botanika, fiziologiya va oʻsimliklar genetikasi institutlari oʻrtasida anglashuv memorandumini ishlab chiqish boshlandi.

    Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi oʻrtasida mavjud amaldagi memorandum doirasida dolzarb masalalar boʻyicha qoʻshma ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish boʻyicha amaliy hamkorlik rejasini ishlab chiqishga qaror qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.