“Dunyo” AAning xabar berishicha, Oʻzbekiston diplomatlari BAAdagi vatandoshlardan vakolatli organlarning talab va tavsiyalariga qatʼiy rioya qilishni hamda tasdiqlanmagan maʼlumotlarni eʼlon qilmaslikni soʻradi.
«Yaqin kunlarda Oʻzbekiston aviakompaniyalarining Yaqin Sharqning qator mamlakatlariga muntazam aviaqatnovlari vaqtincha toʻxtatilganini maʼlum qilamiz.
BAA hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga oʻz reyslari holati boʻyicha aviaperevozchilarning rasmiy xabarlarini doimiy ravishda kuzatib borish, yaqin muddatda jadvalda boʻlishi mumkin boʻlgan oʻzgarish va tuzatishlarni inobatga olish tavsiya etiladi«.
Shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quyidagilarga amal qilish soʻraldi:
- imkoniyat qadar odamlar gavjum joylardan saqlanish;
- harbiy va boshqa strategik obyektlarga yaqinlashmaslik;
- BAA vakolatli organlarining talab va tavsiyalariga qatʼiy rioya qilish;
- xotirjamlikni saqlash va faqat rasmiy maʼlumotlarga tayanish.
Favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qilish mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi:
+971 55 986 9040 — Oʻzbekiston konsuli
+971 55 956 4110 — Oʻzbekiston konsuli
«Oʻzbekiston Respublikasining Dubay shahridagi diplomatik vakolatxonalari vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib bormoqda va zarurat tugʻilganda fuqarolarni yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar haqida tezkor ravishda xabardor qiladi», — deyiladi xabarda.