Maktubda qayd etilishicha, ushbu tashabbus 2025-yil 29-sentyabrda eʼlon qilingan va jahon yetakchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashining 2025-yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan maʼqullangan Gʻazodagi mojaroni tugatish boʻyicha kompleks rejaga asoslanadi.
Tashabbusning asosiy maqsadi uzoq muddatli tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni shakllantirish uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga tayyor boʻlgan davlatlarni birlashtirishga qaratilgan yangi xalqaro tuzilma — Tinchlik kengashini tuzishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasiga Tinchlik kengashiga taʼsischi davlat sifatida qoʻshilish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari amerikalik hamkasbiga javob maktubini yoʻllab, unda Oʻzbekiston Tinchlik kengashiga taʼsischi davlat sifatida qoʻshilishga tayyorligini bildirdi.
Prezidentimiz oʻz maktubida ushbu tashabbusga Yaqin Sharqdagi koʻp yillik nizolarni hal etish, keng mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida qaralayotganini taʼkidladi.