Tadbir Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda “Progressive Medical Service” MCHJ tomonidan tashkil etilgan boʻlib, unda ishtirokchilar onlayn va oflayn tarzda qatnashmoqda.
Anjumanda yurtimiz hamda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Avstriya, Janubiy Koreya kabi qator mamlakatlardan tibbiyot sohasining yetakchi mutaxassislari hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens, YUNISEFning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Deniyel Singer va Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) loyihasi rahbari Korneliya Beker ishtirok etyapti.
Xalqaro tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Behzod Musayev ochib berdi va oʻz nutqida oʻtkazilayotgan anjumanning maqsad va vazifalari haqida soʻz yuritdi.
Aytish lozimki, mazkur anjumanni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – “COVID-19” boʻyicha yangi bilimlar almashinuvi va orttirilgan tajriba bilan oʻrtoqlashish, shuningdek, keng tarqalgan muammolarni muhokama etish – emlash, diagnostika, davolash, reabilitatsiya va oʻlim holatlarini kamaytirish sohasida umumiy yondashuvlarni izlashdan iborat.
Xalqaro tadbirning ilmiy dasturi 3 ta plenar sessiya va 8 ta alohida boʻlimdan tuzilgan boʻlib, unda epidemiologiya, emlash profilaktikasi, laboratoriya diagnostikasi, bolalar, intensiv va dori terapiyasi, koronavirusdan keyingi reabilitatsiya, toʻgʻri ovqatlanish va psixologik holatning eng dolzarb masalalari boʻyicha 21 ta davlat vakillarining 87 ta maʼruzalari oʻrin olgan.
Shuningdek, dastur doirasida infeksiya, virusologiya, immunologiya sohasidagi yetakchi Oʻzbekiston va xorijiy mutaxassislarning izlanishlari va amaliy ishlari hamda boshqa sohalarga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, pandemiya sharoitida sayyoramiz aholisi sogʻligini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan amaliy ishlar namoyish etiladi.
Kongressning asosiy maʼruza, munozara va taqdimotlari oʻzaro fikr almashish, yuksak ilmiy munozarani davom ettirishga qaratilgan boʻlib, unda nafaqat olimlar, balki amaliyot shifokorlari uchun ham qiziq va dolzarb boʻlgan mavzular muhokama qilinishi koʻzda tutilgan.
Eng muhimi, tadbir ishtirokchilari “COVID-19”ga qarshi kurashda yangi texnologiyalar va erishilgan yutuqlar bilan tanishib, oʻzlari uchun muhim maqsadlarni belgilab olish imkoniyatlari boʻladi. Shu bilan birga, ilmiy-amaliy anjuman yangi gʻoyalar va fikrlar bilan oʻrtoqlashish va tajriba almashish uchun ajoyib maydonga aylanishi, shubhasiz.
Anjuman doirasida “Pandemiya davrida dunyo bolalar nigohida” va “Pandemiya davrida zamonamiz qahramonlari” kabi ijtimoiy tanlovlar gʻoliblari taqdirlandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Anjuman 4-iyunga qadar davom etadi.