Oʻzbekiston elchisi AQSH Kongressi aʼzolari bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 28 Iyul 2021 772

    Oʻzbekiston elchisi Vashingtonda AQSH Kongressi aʼzolari bilan ikki tomonlama munosabatlar masalalarini muhokama qildi.

    Oʻzbekiston-AQSH parlamentlararo hamkorligini yana-da kengaytirish, shuningdek, AQSH Kongressi bilan oʻzaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov amerikalik qonun chiqaruvchilar bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

    AQSH Kongressi tashqi ishlar qoʻmitasida Osiyo, Tinch okeani va Markaziy Osiyo boʻyicha quyi qoʻmitaning hamraisi, Ogayo shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Stiv Chabot bilan uchrashuv chogʻida u Oʻzbekiston rahbariyatini “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli oʻtgani bilan tabrikladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Toshkent konferensiyasi mintaqaning ulkan iqtisodiy, transport va gumanitar salohiyatidan foydalangan holda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi kongressmen.

    Stiv Chabot AQSH Kongressiga 1995-yil yanvar oyida saylangan. U Tashqi ishlar, sud va kichik biznes qoʻmitalarining aʼzosi.

    AQSH Kongressiga Nyu-Jersi shtatidan saylangan kongressmen, Demokratik partiya aʼzosi Endryu Kim Oʻzbekiston ilgari surayotgan mintaqaviy siyosatni qoʻllab-quvvatlar ekan, bunday siyosat Markaziy Osiyoda ishonch va oʻzaro tushunish muhitini mustahkamlashga hissa qoʻshayotganini qayd etdi. Kongressmen Toshkentda oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro anjumani yakunlariga yuqori baho berdi. Ushbu anjuman davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish imkonini berishini va davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamda transport aloqalarini kengaytirish orqali Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Endryu Kim AQSH Kongressiga 2019-yil yanvar oyida saylangan. Etnik koreyslardan Kongressga saylangan birinchi vakil, Demokratik partiya aʼzosi. U Qurolli kuchlar, tashqi ishlar va kichik biznes qoʻmitalari faoliyatida ishtirok etadi.