Oʻzbekiston elchisi “Bloomberg” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 3 Fevral 2023 685

    Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov “Bloomberg” tahririyati rahbari Mark Saputo hamda Amerika mediaxoldingi ekspertlari bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad sheriklik aloqalarini mustahkamlash bilan izohlanadi.

    Tomonlar Oʻzbekistonning savdo-investitsiya imkoniyatlari va sayyohlik salohiyatini targʻib etish, shuningdek, mahalliy mediakompaniyalar bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda mediaxolding kontent resurslaridan foydalanish istiqbollarini muhokama qildilar.

    “Bloomberg” kompaniyasi vakillariga Oʻzbekistonda media-industriyani rivojlantirish, jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, shuningdek, OAV faoliyatini tartibga solish va soʻz erkinligini himoya qilish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan yangi yondashuvlar haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi. Umumiy soni 2 mingtaga yaqin boʻlgan nodavlat ommaviy axborot vositalari, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxonalar soni sezilarli darajada oshdi.

    Oʻz navbatida, Mark Saputo mediaxolding multimedia platformalari, jumladan, televideniye, radio, raqamli va bosma ommaviy axborot vositalari orqali Oʻzbekiston haqidagi kontentni targʻib qilish uchun “Bloomberg”ning innovatsiya imkoniyatlaridan foydalanishga tayyor ekanligini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, Amerika tomoni Oʻzbekistonning biznes imkoniyatlari va sayyohlik salohiyatini targʻib etishga tayyorligini bildirdi. “Bloomberg”ning koʻp millionli auditoriyasi uchun noyob media-kontent yaratish maqsadida Oʻzbekistonga borish yuzasidan ham qiziqish bildirildi.

    Uchrashuv yakunida oʻzaro hamkorlikni faollashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilangani holda doimiy hamkorlik mexanizmini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Eslatib oʻtamiz: “Bloomberg” AQSHning eng yirik media-xoldinglaridan biri boʻlib, butun dunyo boʻylab ishbilarmonlar va siyosatchilar uchun moliyaviy maʼlumotlarni yetkazib berishda yetakchilik qiladi. Maykl Blumberg tomonidan 1981-yilda asos solingan media-xoldingning bosh qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan. Xolding Bloomberg TV ixtisoslashgan telekanallariga, Bloomberg Markets, Bloomberg Business Week jurnallari, Bloomberg.com va BusinessWeek.com. veb-saytlariga egalik qiladi.

    Kompaniyaning butun dunyo boʻylab 176 ta vakolatxonasi va 20 ming nafarga yaqin xodimi bor.