O‘zbekiston elchisi Kanada General-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi

    O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi Vashington shahrida) Furqat Sidiqov Kanada General-gubernatori Meri Simonga ishonch yorliqlarini topshirdi.

    Uchrashuvda Kanada General-gubernatori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlar, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlardan yaxshi xabardor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu sa’y-harakatlar Kanada hukumati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi va ikki tomonlama munosabatlar ko‘lamini kengaytirish uchun zamin yaratadi.

    O‘zbekiston va Kanada iqtisodiyoti o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekani bildirildi. Shu nuqtai nazardan, doimiy ravishda o‘zaro iqtisodiy tashriflar va savdo missiyalari almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

    Eslatib o‘tamiz, Furqat Sidiqov bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning AQSh va Braziliyadagi elchisi ham hisoblanadi.