Oʻzbekiston elchisi Oliy Majlis Senati qoʻmitasi raisi etib tayinlandi

    Mamlakatimizda 21 May 2025 861

    Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Agzamxodjayev Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi etib tayinlandi.

    Sirdaryo viloyatida tugʻilgan 67 yoshli senator 2017-2025-yillarda Oʻzbekistonning Turkiyadagi, 2018-yildan buyon esa bir vaqtning oʻzida Bolgariyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimlarida ishlagan.

    Diplomat 1980-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Ish faoliyati davomida "Toshkentmebel" ishlab chiqarish birlashmasida huquqshunos hamda turli davlat idoralarida masʼul lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. 1990-1995-yillarda xalq deputati, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Yoshlar masalalari qoʻmitasi raisi boʻlgan. Keyinchalik Tashqi ishlar vazirligi tizimida, jumladan, xorijdagi elchixonalarda ishlab, ishlab chiqarish korxonalariga rahbarlik qilgan.

    Rus, ingliz va turk tillarini mukammal biladi.