Ostonadagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Oʻzbekiston elchisi Saidikrom Niyozxoʻjayev 15-avgust kuni Qozogʻiston Bosh vaziri oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu tomonidan qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo" AA.
Qozogʻiston TIV maʼlumotiga koʻra, uchrashuv chogʻida vazir ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli soʻnggi yillarda Qozogʻiston-Oʻzbekiston munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7-8-avgust kunlari Ostona shahriga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi yakunlari koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim amaliy ahamiyatga ega boʻldi.
Qozogʻiston Prezidentining farmoniga muvofiq, vazir amalga oshirilgan ulkan ishlar va elchining ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi uchun Saidikrom Niyozxoʻjayevni oliy davlat mukofoti – II darajali “Dostыq” ordeni bilan taqdirladi va uning kelajakdagi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Oʻzbekiston elchisi oʻz navbatida, Qozogʻiston rahbariyati tomonidan uning faoliyatiga berilgan yuksak baho uchun chuqur minnatdorlik bildirib, oʻzbek-qozoq munosabatlari doʻstlik, qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik ruhida yanada izchil rivojlanib borishiga ishonch bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, Saidikrom Niyozxoʻjayev 2018-yilning mart oyida Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchisi etib tayinlangan edi. Bunga qadar u Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi va turli davlat organlarida masʼul lavozimlarda, jumladan, Davlat maslahatchisi oʻrinbosari, iqtisodiyot vaziri oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, Saidikrom Niyozxoʻjayev 2015-2018-yillarda Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari lavozimida ham faoliyat olib borgan.