Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik rivojlanishining hozirgi darajasi baholanib, pandemiya davridagi Oʻzbekiston-Xitoy koʻp qirrali hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari va joriy natijalari qayd etildi.

Xususan, elchi taʼkidlaganidek, pandemiya va uning oqibatlariga qaramay, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida eng yuqori darajada muntazam siyosiy muloqotlar olib borilmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Si Szinpin 7-may kuni telefon orqali oʻzaro fikr almashdilar. Hamkorlikning turli sohalardagi qisqa va oʻrta muddatli ustuvor vazifalarini belgilab oldilar.

Elchining soʻzlariga koʻra, “COVID-19” pandemiyasi dunyo iqtisodiyoti uchun jiddiy muammolardan biriga aylandi. Bu holat savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro hamkorlikning ritvojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu jarayonda Oʻzbekiston va Xitoydagi vaziyat ham bundan mustasno emas.

Bunday sharoitda mamlakatlarimiz aholisini zarur oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz taʼminlash masalalari ayniqsa dolzarbdir. Ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlari, xalqaro va mintaqalararo trasnsport va aloqa yoʻllari, avtomobil va temir yoʻl transportida uzilishlar mavjudligini hisobga olib, mintaqada transport va tranzit yoʻnalishlarining diversifikatsiyalangan tizimini shakllantirish uchun harakatlarni faollashtirish muhimdir.

Shu bilan birga, suhbatda taʼkidlanganidek, pandemiya sharoitida jahon iqtisodiyoti tarkibidagi oʻzgarishlar, ayniqsa, ortib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun yangi oʻsish nuqtalarini topish muammosini aktuallashtirmoqda.

Mazkur jarayon yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat va qishloq xoʻjaligiga innovatsiyalarni joriy etish kabi sohalarda hamkorlik olib borishga turtki berishi mumkin.

Elchining soʻzlariga, Oʻzbekiston “Bir kamar, bitta yoʻl” tashabbusi doirasida aniq innovatsion, infratuzilma, tansport, kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish tarafdoridir, bu barqarorlikni mustahkamlash va aholi farovonligini oshirishga hissa qoʻshadi. Aynan shu muammolar Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasining ustuvor vazifalari bilan oʻzaro bogʻliqdir.

Pandemiya global ulanishga taʼsir koʻrsatib, global iqtisodiyotga zarar yetkazdi. Boshqa tomondan, Covid-19 jamoat hayoti va xalqaro savdoning barcha sohalarini raqamlashtirishga kuchli turtki berdi. Baxtiyor Saidovning soʻzlariga koʻra, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, sunʼiy aql rivojlanishi, farovonlikning asosiy omiliga aylanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan hozirgi zamon voqeligini hisobga olgan holda Oʻzbekistonda 2020-yil “Ilm-fan va raqamli iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilindi.

Baxtiyor Saidov Markaziy Osiyo-Xitoy formati rivojlanish va xavfsizlikning dolzarb masalalari boʻyicha oʻzaro manfaatli konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy choralarni ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanishiga ishonch bildirdi. Bunga mamlakatlarimizning Yevrosiyoning yuragida joylashganligi, keng xalqaro hamkorlik uchun ochiq boʻlgan va gullab-yashnagan zonani shakllantirishdagi umumiy uzoq muddatli manfaatlari yordam berishini taʼkidladi.