Oʻzbekiston elchisi Yaponiya tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 24 Sentabr 2021 591

    Oʻzbekiston elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov Yaponiya tashqi ishlar davlat vaziri Takashi Uto va tashqi ishlar vazirining parlament ishlari boʻyicha oʻrinbosari Satoshi Nakanishi bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Yaponiya tomoni joriy yil 27-28-avgust kunlari Yaponiya tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida, jumladan, tashqi ishlar, investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Oliy Majlis Senatida samarali uchrashuvlar oʻtkazilganini taʼkidladi.

    Satoshi Nakanishi Oʻzbekistonda dafn etilgan yaponlar xotirasiga, shuningdek, Yaponiya fuqarolari tomonidan qurilgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri va internatsiya qilingan yaponlar muzeyi kabi madaniy obyektlarga yuqori darajadagi munosabatning mavjudligi uchun oʻzbek xalqiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

    Uchrashuv chogʻida oʻzaro aloqalar kun tartibi va Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, xususan, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro tashkilotlar doirasidagi oʻzaro aloqalar hamda 2022-yilda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash bilan bogʻliq masalalar atroflicha muhokama qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.