Oʻzbekiston energetika haftaligi oʻz ishini boshladi

    Energetika vazirligi tomonidan «Oʻzekspomarkaz» milliy koʻrgazmalar majmuasida Oʻzbekiston energetika haftaligi oʻtkazilmoqda.

    Mazkur haftalikda 29 ta davlatdan 450 ta ishlab chiqaruvchi kompaniyaning yoqilgʻi-energetika tarmogʻiga oid zamonaviy uskunalari va texnologiyalaridan namunalar namoyish etiladi.

    Ushbu tadbirlarga boʻlgan katta qiziqish ishtirokchilarning geografiyasini yanada kengaytirdi. Xususan, 31 mamlakat: Avstriya, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Belgiya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Gruziya, Daniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Ispaniya, Italiya, Qozogʻiston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Monako, Niderlandlar, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, AQSH, Turkiya, Fransiya, Chexiya, Shveysariya, va Yaponiya singari davlatlardan vakillar tashrif buyurdi.

    Bundan tashqari, koʻrgazma anjumanlari doirasida xorijiy va mahalliy kompaniyalar, xalqaro ekspertlar hamjamiyati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida sohaga oid dolzarb mavzular yuzasidan qator xalqaro koʻrgazmalar va konferensiyalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

    Bugun, 14-may kuni Forumni yalpi sessiya ochib berdi. Unda quyidagi ikkita muhim tadbirga — 26-Xalqaro «Oʻzbekiston neft va gazi — OGU 2024» anjumani hamda 4-Xalqaro energetika anjumaniga start berildi.

    Ayni paytda «Energetika siyosatini Oʻzbekiston milliy strategiyasiga muvofiq uygʻunlashtirish» mavzusi boʻyicha yalpi sessiya yakuniga yetdi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari С.Сафоев, Oʻzbekiston Energetika vaziri Ж.Мирзамаҳмудов, qator xalqaro kompaniyalar, xususan, «ACWA Power», «Masdar», «Honeywell», «Socar», «Rosatom», «Nedra Digital», «OilTech», «Bureau Veritas», «EMK Steel Trade», «Rosen Group», «Schneider Electric» kompaniyalari hamda tizim tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.