Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqi bilan taʼlim va fan sohalarida hamkorlikni jadallashtirishdan manfaatdor

    Ta'lim 18 Noyabr 2022 1712

    Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Vazirlar uchrashuvi kun tartibidagi masalalardan biri “Taʼlim, fan va innovatsiya” deb nomlandi.

    Mazkur mavzu yuzasidan nutqida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bugungi kunda xalqlarimiz oʻrtasida inson va, ayniqsa, yoshlarning barkamol rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida gumanitar va taʼlim aloqalarini chuqurlashtirish muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

    Uchrashuv ishtirokchilari yangi Oʻzbekistonda yoshlar va bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni jismoniy va maʼnaviy tarbiyalash, sifatli taʼlim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijalari bilan tanishdilar.

    Taʼlim sohasidagi hamkorlik ijobiy surʼatlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonning universiteti 43 ta hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 58 ta universiteti ishtirokida 18 ta loyiha amalga oshirilyapti.

    Oʻzbekiston tomonining “Erasmus+” va “Ufq Yevropa” dasturlari doirasida Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni jadallashtirishdan manfaatdorligi bildirildi. Bu borada, jumladan, ilgʻor Yevropa taʼlim metodologiyasini joriy etish, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, innovatsion transfer salohiyatini oshirish, raqamlashtirishni ragʻbatlantirish, bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, oliy taʼlim tizimini uygʻunlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining Boloniya jarayoniga mintaqaviy ishtirokchi sifatida kirishi masalasini koʻrib chiqish uchun imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Hamkorlikning ilgʻor tajribalarini tahlil qilish va tarqatish maqsadida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari universitetlari oʻrtasida netvorking-vositasini yaratish taklif etildi. Muntazam tarzda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatida oliy taʼlim vazirlari uchrashuvi va rektorlar forumini tashkil etish tashabbusi eʼlon qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.