Oʻzbekiston-Fransiya biznes-forumi boʻlib oʻtadi

    Xalqaro hamkorlik 8 May 2021 985

    Fransiyalik hamkorlar bilan yangi oʻzaro manfaatli kelishuvlarga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida fransiyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va savdo bitimlarining hozirgi holati, shuningdek, Fransiya hukumati va ishbilarmon doiralari ishtirokidagi kelgusi tadbirlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, joriy yilning 11-may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 8-yigʻilishi hamda Oʻzbekiston-Fransiya biznes-forumi boʻlib oʻtadi.

    Ushbu tadbirlar doirasida ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilish uchun Fransiya Respublikasi tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik vaziri Frenk Riyesterning Oʻzbekistonga tashrifi tashkil etilishi kutilayotgani maʼlum qilindi.

    Muzokarada ishtirok etgan vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va Toshkent shahar hokimligi rahbarlari bilan birgalikda amaldagi kelishuvlar ijrosi batafsil tahlil qilindi, tegishli masalalar aniqlanib, ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi.

    Shu bilan birga, bugungi kunda fransiyalik hamkorlar bilan qishloq xoʻjaligi, foydali qazilmalarni qazib olish, energetika va boshqa sohalarda birgalikda faol tarzda rivojlantirilayotgan istiqbolli loyihalar va kelishuvlar koʻrib chiqildi. Oʻzbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish maqsadida Fransiyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi rahbariyatiga fransiyalik hamkorlar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha yangi istiqbolli takliflarni ishlab chiqishda tegishli vazirlik va idoralarga amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan alohida koʻrsatmalar berildi.

    Tijorat banklari rahbarlariga hamkorlikning yangi yoʻnalishlariga oid aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida Fransiyaning yetakchi bank-moliya muassasalari bilan munosabatlarni yana-da faollashtirish zarurligiga koʻrsatib oʻtildi.

    Muhokama yakunlari boʻyicha mutasaddi rahbarlarga kelgusi tadbirlar kun tartibini amaliy mazmun bilan toʻldirish maqsadida fransiyalik hamkasblar va tadbirkorlar bilan samarali hamkorlik qilish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.