O‘zbekiston-Fransiya hamkorligi xorij ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi arafasida Qozog‘istonning “Infozakon” onlayn nashri o‘z sahifasida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi kki tomonlama munosabatlarining rivojlanishi va istiqbollariga bag‘ishlangan maqolani chop etdi.

    Unda qayd etilganidek, bugungi kunda Fransiya O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va texnik sohalardagi muhim hamkori bo‘lib, energetika, avtomobilsozlik, geologiya-qidiruv, qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalardagi muvaffaqiyatli hamkorlik misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. O‘zaro savdo jadal rivojlanmoqda.

    Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida bu boradagi ko‘rsatkich 230 million dollardan oshdi, jumladan, O‘zbekiston mahsulotlari eksporti to‘qqiz barobar oshib, qariyb 70 million dollarga yetdi. Bu o‘suvchanlik siyosiy va diplomatiya, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishga ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

    Nashrning taʼkidlashicha, yaqinda O‘zbekiston tahlil markazlari delegatsiyasining Fransiya poytaxtiga safari davomida Fransiya xalqaro aloqalar instituti direktori Tom Gomar, Yevroosiyo muvofiqlashtirish guruhi rahbari Uilyam Tompson, Yevropa tashqi aloqalar Kengashi xalqaro tahlil markazining direktori Tara Varma va Fransiya Bosh vaziri huzuridagi Istiqbolli tadqiqotlar va xalqaro axborot markazi direktori Antuan Bue bilan uchrashdi.

    Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining dolzarb masalalari, Markaziy Osiyodagi mavjud vaziyat va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. Hamkorlikdagi saʼy-harakatlar tufayli so‘nggi besh yil ichida mamlakatlar hamkorligi deyarli barcha yo‘nalishlarda izchil kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi.