Oʻzbekiston-Fransiya ishbilarmon doiralarning hamkorligi kengaytiriladi

    Biznes 5 Iyul 2022 1496

    Joriy yil 4-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov “MEDEF International” Fransiya tadbirkorlar harakati Fransiya — Oʻzbekiston ishbilarmonlar Kengashi raisi, “Orano” kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven boshchiligidagi Fransiya delegatsiyasini qabul qildi.

    Delegatsiya tarkibiga Fransiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bushez Oreliya, Fransiyaning “Orano Mining”, “SUEZ”, “Voltalia”, “EDF”, “MEDEF International” va “Alstom” kompaniyalari rahbariyati ham kirdi.

    Tomonlar Fransiya kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollarini konstruktiv tarzda muhokama qildilar. Ayni paytda mamlakatda geologiya-qidiruv, energetika, infratuzilma, turizm va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga ixtisoslashgan 50 ga yaqin fransuz kompaniyalari faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi.

    “MEDEF” rahbariyati Oʻzbekiston Fransiyaning faol va ishonchli iqtisodiy hamkori ekanligini taʼkidlab, mamlakatda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yirik fransuz tadbirkorlarini jalb etish boʻyicha saʼy-harakatlarni faollashtirishga tayyorligini bildirdi.

    Fransiya biznes hamjamiyati vakillari oʻzlarining Oʻzbekistonda ishlash rejalarini bayon qilib, tegishli yoʻnalishlarda qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish doirasida oʻzbekistonlik sheriklar bilan joriy hamkorlik haqida soʻz yuritdi.

    Bevosita uchrashuv davomida uning ishtirokchilari, shu jumladan, Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari koʻrib chiqilgan hamkorlik yoʻnalishlarini ilgari surish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Oʻzbekiston tomoni mamlakatimizda loyihalarni amalga oshirishga qiziqayotgan har bir Fransiyalik tadbirkorni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini hamkorlik oʻrnatish va aniq kelishuvlarga erishishda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.