JSST maʼlumotiga koʻra, dunyoda yiliga 8,6 million kishi tuberkulyoz xastaligiga chalinmoqda, 1 milliondan ortiq bemor esa uning turli asoratlari tufayli vafot etadi. Shu bois, jahon miqyosida bu kasallikning oldini olish, uni barvaqt aniqlash va davolashning zamonaviy usullarini tatbiq etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tadbirlar xususida SSV Matbuot xizmatiga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Nargiza Parpiyeva batafsil soʻzlab berdi.
— Mamlakatimizda inson salomatligiga jiddiy taʼsir etayotgan ushbu dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammoga qarshi kurashish sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan. Bugungi kunda yurtimizda tuberkulyozga qarshi kurash ishlarini tashkil etishda tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullari yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida maxsus xonalar tashkil etilgan va zamonaviy tibbiy-tahlil vositalari bilan jihozlangan.
Tumanlardagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda esa kasallikka barvaqt tashxis qoʻyish va uni erta aniqlash imkoniyati yaratilgan.
Aholiga bu yoʻnalishda ixtisoslashgan tibbiy yordamni jahon andozalari darajasida tashkil etish borasida ham barcha sharoitlar mavjud. Keyingi yillarda markazimiz va viloyatlardagi dispanserlar tubdan taʼmirlandi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
— Maʼlumki, mamlakatimizda tuberkulyozga qarshi kurash ishlarini tashkil etishga qaratilgan milliy dastur qabul qilingan…
— Haqiqatan, JSST tomonidan tavsiya etilgan “Tuberkulyozga barham berish” strategiyasiga koʻra bu yoʻnalishda ishlab chiqilgan milliy dastur oʻz samarasini bermoqda. Ushbu strategiyani amalga oshirish natijasida tuberkulyozga chalingan bemorlar standart diagnostika va klinik xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlib, xalqaro standartlarga javob beradigan davo olmoqdalar.
Ftiziatriya muassasalarida tuberkulyozga qarshi dori vositalariga chidamli turlarni tashxislashni mukammallashtirish maqsadida 50 dan ortiq oʻta zamonaviy genno-molekulyar diagnostika apparatlari oʻrnatildi. Uzluksiz va keng qamrovli davolanishni taʼminlash uchun bu kasallikka chalingan bemorlarga yuqori sifatli davolash kursi uchun dorilar bepul beriladi. Dorilarga chidamli tuberkulyozga chalingan bemorlarni davolash uchun zamonaviy qisqa kurslar joriy etilmoqda va unga qarshi yangi dorilar qoʻllanilmoqda.
— Ushbu rivojlanishlar samarasi oʻlaroq kasallikni aniqlash va davolash muddatlari ham qisqarayaptimi?
— Albatta, ilgarilari tuberkulyozni aniqlashga 3-4 oylab vaqt talab etilardi. Tibbiyotga diagnostika va davolashning yangi usullari kirib kelishi natijasida bugungi kunda kasallikka genno-molekulyar usulida bor-yoʻgʻi 70 daqiqa ichida aniq tashxis qoʻyilmoqda. Ilgʻor operatsiya usullari joriy etilishi, samarali dori-darmonlar qoʻllanilishi natijasida bemorlarning kasallikdan sogʻayish muddati ham 2 yildan 9 oyga qisqardi. Tibbiyotimizdagi bunday muhim yutuqlar tufayli yurtimizda tuberkulyoz bilan kasallanish koʻrsatkichi 2,5 barobarga, oʻlim koʻrsatkichi 6-8 barobarga qisqardi. Ayni paytda olimlarimiz tuberkulyozga chalingan bemorlarning davolanish kursini yana olti oyga qisqartirish ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Inson manfaatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan bunday muhim chora-tadbirlar samarasida mamlakatimizda tuberkulyoz kasalliklarini davolash boʻyicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, davolash samaradorligi bugun 91,2 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu koʻrsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija koʻlami yana-da yaxshiroq anglashiladi.
Yana bir eʼtirof etishga arzirli yutugʻimiz, JSST maʼlumotiga koʻra, tuberkulyozga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari boʻyicha Oʻzbekiston ftiziatriya xizmatining Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan oʻrin olgani boʻldi. Yaʼni, mamlakatimiz bugungi kunda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa hududiga kiruvchi 53 mamlakat orasida silga qarshi kurashish dasturining bajarilish natijalari boʻyicha 2-oʻrinni egallagan.