Oʻzbekiston fuqarolari Malayziyada ham ishlashi mumkin boʻladi

    Ijtimoiy hayot 4 Noyabr 2022 2347

    Oʻzbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasida “Language Talent Solutions” rekruting kompaniyasi direktori Jinder Kaur Sidxu bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar davomida Oʻzbekiston fuqarolarini Malayziyada ishga joylashtirish masalalari muhokama etildi.

    Jinder Sidxu xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha saʼy-harakatlarni yuqori baholab, mazkur kompaniya Vyetnam, Janubiy Koreya, Indoneziya, Tailand va Hindiston kabi mamlakatlardan kelgan 500 nafarga yaqin fuqarolarni mahalliy korxonalarda mehnat faoliyatini olib borish uchun jalb etganini taʼkidladi. Kompaniya Oʻzbekiston bilan ham ushbu yoʻnalishda hamkorlik qilishni rejalashtirgan.

    Uchrashuvda Malayziyada mehnat faoliyatini olib bormoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklarni ish bilan taʼminlash, ularga ishlash ruxsatnomalarni oʻz vaqtida rasmiylashtirish va munosib sharoitlarni yaratish boʻyicha birgalikda loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, 2018-yil tashkil etilgan “Language Talent Solutions” xususiy kompaniyasi xorijiy mehnat muhojirlarini ushbu mamlakatda xizmat koʻrsatish, savdo, moliya, axborot texnologiyalari va tarjimonlik sohalari hamda CALL-markazlarga ishga joylashtirish bilan shugʻullanadi.