Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari E.Muhitdinov “Manazel Recruitment” kompaniyasi bosh direktori Toriq al-Shamsi va boshqalar ishtirok etgan uchrashuvda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi kollejlarda oʻquv kurslarini tashkil etish, Oʻzbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda BAAga ishga joylashtirish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda mamlakatimizda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Toriq al-Shamsi “Manazel Recruitment” kompaniyasi soʻnggi 5 yil davomida BAAning mehnat bozorida rekruting faoliyati bilan shugʻullanib kelishi, mehnat migratsiyasi sohasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik qilishga tayyorligi, shuningdek, “TAD-BEER” markazi filialini Oʻzbekistonda ochishini maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, “TAD-BEER” markazi BAAning Inson resurslari va amirizatsiya vazirligi (MoHRE) tomonidan litsenziyalanadi va uy xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha xorijiy ishchilarni jalb qilish, yollash va vizalarni rasmiylashtirish boʻyicha keng qamrovli xizmatlarni amalga oshiradi.

“TAD-BEER” markazlari BAAning koʻplab hududlarida joylashgan boʻlib, hukumat qonunlari va meʼyorlariga muvofiq, “MoHRE” tomonidan nazorat qilinadigan milliy va chet ellik oilalarga xizmat qiladi. Chet ellik ishchilarning mehnat huquqlari va shartlariga rioya qilinishi, shu jumladan, dam olish kuni, yillik taʼtil, meʼyorlashtirilgan ish vaqti, uy va ovqat bilan taʼminlanishini nazorat qiladi.

Taʼkidlash joiz, “Manazel Recruitment” kompaniyasi filialining Oʻzbekistonda ochilishi BAAda ishlash istagidagi fuqarolarni kasb va til oʻrganishiga yordam beradi, Amirlik tomoni esa BAAda nomzodlar uchun arab tili kurslarini tashkil qiladi.

Tomonlar “Manazel Recruitment” kompaniyasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi oʻrtasida hamkorlikning barcha jihatlarini qamrab oluvchi umumiy bitimni ishlab chiqish boʻyicha kelishib oldi.