O'zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jo'natish masalasi muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 9 Iyul 2020 883

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Janubiy Koreyaning Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining (HRD) O'zbekistondagi vakili, «EPS» test imtihonlarini o'tkazish markazi direktori Song Sang Jin bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri agentlik manbasiga tayanib.

    Uchrashuvda Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida mehnat ta'tili olib, O'zbekistonga kelgan, shuningdek, «EPS» test imtihonlaridan o'tgan fuqarolarni ushbu mamlakatga jo'natish borasidagi masalalar muhokama etildi.

    Song Sang Jin bergan ma'lumotlarga ko'ra, Koreya Respublikasiga xorijiy mamlakatlardan kirib kelayotgan fuqarolar orasidan har kuni 30 tadan 50 tagacha koronavirus bilan kasallanish holatlari aniqlanmoqda. Ular orasida o'zbekistonliklar ham bor. Mazkur holat Janubiy Koreyaga ishlash uchun kirib kelayotgan mehnat migrantlari soni hamda xorijiy davlatlar o'rtasida tashkil etilayotgan aviareyslarga ta'sir etishi mumkin.

    Uchrashuvda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida mehnat ta'tili olib, O'zbekistonga kelgan hamda «EPS» test imtihonlaridan o'tgan fuqarolarni ushbu mamlakatga jo'natish jarayonini tezlashtirish yuzasidan taklif bildirildi.