Polshadan evakuatsiya qilish qanday kechgani, bundan chiqarilgan saboqlar hamda oʻzbek diplomatlarining ushbu jarayondagi kundalik ishlari haqida Oʻzbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev “Dunyo” AAga soʻzlab berdi:

- Bu juda murakkab va xavotirli davr boʻldi, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan Oʻzbekistonning har bir fuqarosi uchun masʼuliyat Ukraina va Polshadagi diplomatiya vakolatxonalarimiz zimmasiga yuklatildi. Lvov shahrida toʻplangan Oʻzbekistonning dastlabki oʻttiz nafar fuqarosi 27-fevral kuni ertalab “Krakoves-Karchova” nazorat-oʻtkazish punkti orqali Ukraina-Polsha chegarasini kesib oʻtdi. Kunning oʻrtalariga kelib oqim koʻpaya boshladi va kechga boriboq Polsha hududidagi nazorat-oʻtkazish punktining jamlogʻida 400 nafarga yaqin odam toʻplandi. Chegarada asosan Ukraina fuqarolaridan iborat koʻp ming kishilik qochqinlar safi yuzaga keldi, Polsha hududiga oʻtib olishlari uchun salkam 20 soatgacha kutishga toʻgʻri keldi. Mamlakatimiz fuqarolari orasida bolali ayollar, talabalar, Ukrainada vaqtincha oʻqigan yoki ishlagan kompaniyalar xodimlari bor edi.

Shu kundan eʼtiboran chegarani kesib oʻtish, Oʻzbekiston fuqarolarining jamlanish punktida joylashtirish va ularni Katovitsa shahri aeroportiga eltish masalalari elchixonaning qattiq nazorati ostiga olindi. Chegarada konsullik xodimlari, Varshavadagi elchixonada tuzilgan Shtab 18 kun davomida tunu kun ishladi.

Jamgʻarish punktida Oʻzbekiston fuqarolarining tunashlari uchun barcha sharoitlar tashkil etildi - issiq koʻrpalar yetkazildi, zarur tibbiy yordam koʻrsatildi, issiq ovqat tashkil etildi.

Oʻzbekiston hukumati tomonidan Polshaning Katovitse shahri aeroportidan fuqarolarni evakuatsiya qilish qarori qabul qilingach, elchixona xodimlari va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJ vakillari zudlik bilan mazkur shaharga yuborildi. Elchixonaning barcha saʼy-harakatlari Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi rahbariyati tomonidan muvofiqlashtirildi. Oʻzbekistonning Polsha va Ukrainadagi diplomatlari doimiy aloqada boʻlib turishdi.

28-fevral kuniyoq bortidan fuqarolarimiz joy olgan birinchi samolyot Katovitse shahri aeroportidan Toshkentga uchib ketdi. Har kuni “Uzbekistan Airways” AJ tasarrufidagi 2-3 ta maxsus samolyot Toshkentga uchdi. Polshadan hammasi boʻlib 25 havo qatnovi vositasida 5786 nafar fuqaro Oʻzbekistonga eltib qoʻyildi.

Dastlab Oʻzbekistonga uchishni xohlovchilar soni 1,5-2 ming nafardan oshmasligi taxmin qilingan edi, biroq Ukrainadagi tez oʻzgaruvchan vaziyat bu taxminlarga mos kelmadi. Odamlarning kelishi oqimi kun sayin oʻsib bordi, 2-4-mart kunlari esa ularning soni juda koʻpaydi - oʻsha kunlari toʻplanish nuqtasi va aeroportning har birida Vatanga uchishni istayotgan 700-800 nafardan odam toʻplandi.

Elchixona xodimlari tomonidan ijaraga olingan avtobuslarda mamlakatimiz fuqarolarini aeroportga oʻz vaqtida yetkazib berish tashkil etildi. Dastlab fuqarolarimiz kelishgan chegaraoldi toʻplanish punkti va Katovitsa shahri aeroport oraligʻidagi masofa 340 kilometrni tashkil etar edi, shu bois odamlarni eltish jarayoni Toshkentga maxsus havo qatnovlarining joʻnash vaqtini hisobga olgan holda nazorat qilinishi lozim edi.

Katovitsa shahri meriyasi tomonidan aeroport binosiga tartib bilan oʻtish tashkil qilindi. Barcha fuqarolarga oldindan tayyorlangan roʻyxatlar asosida xizmat koʻrsatildi. Tartib Polsha politsiyasi va koʻngillilar tomonidan doimiy ravishda nazorat qilindi, ularning koʻmagida yosh goʻdagi bor ayollar, bolalar va keksalar uchun maxsus yoʻlaklar tashkil etildi.

Shunga muvofiq ular birinchi navbatda yoʻlaklardan oʻtishdi. Shu bilan birga, stress holatini boshdan kechirib, tezroq uchib ketishga harakat qilgan odamlarga doimiy tushuntirish ishlarini olib borish talab etilar edi.

Shuningdek, Oʻzbekiston elchixonasi iltimosiga binoan, faqat bizning mamlakatimiz fuqarolari uchun aeroportda issiq ovqat tashkil etilgani holda bolali onalarning dam olishlari uchun maxsus xonalar ajratildi. Yoʻlovchilarga shoshilinch tibbiy koʻmak koʻrsatish uchun tez yordam mashinalari aeroport yonida doimiy ravishda navbatchilik qildi.

Oʻzbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilish davomida turli sabablarga koʻra yonida zarur hujjatlari boʻlmagan yurtdoshlarimizga konsullik tomonidan Vatanimizga qaytishlari uchun 322 ta guvohnoma berildi.

Toshkentdagi barcha mutasaddi tashkilotlar - Tashqi ishlar, Transport vazirliklari, “Uzbekistan Airways” AJ va aeroport hamkorlikda juda katta vazifaning uddasidan chiqdi. Davlatimiz rahbari nomidan Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi va shaxsan mamlakatimiz Bosh vaziri evakuatsiya bilan bogʻliq jarayonni qatʼiy nazorat qilib bordi.

Tahlikaning birinchi kunidan boshlab jangovor harakatlar davom etayotgan hududlardan barcha fuqarolarimiz Oʻzbekistonga olib ketilishi eʼlon qilindi va davlatimiz havo qatnovi xarajatlarini oʻz zimmasiga oldi.

Boshqa davlatlar orasida Oʻzbekiston Ukrainadan oʻz fuqarolarini birinchi boʻlib olib chiqdi. Ushbu masʼuliyatli va insonparvarlik tashabbusi Polsha rahbariyati, xususan, mamlakat Prezidenti, Tashqi ishlar vazirligi va parlamenti tomonidan yuqori baholandi.

2022-yil 4-mart kuni Polsha Prezidenti Andjey Duda “Karchova” chegara nazorat-oʻtkazish punktiga tashrif buyurdi. Polsha yetakchisi Oʻzbekiston elchixonasi xodimlariga alohida murojaat qildi va minnatdorlik bildirdi. “Siz faqatgina mamlakatingiz fuqarolari uchun muhim va olijanob ishni amalga oshirmayapsiz. Siz amalga oshirayotgan olijanob ishlar boshqa mamlakatlar diplomatlari va koʻngillilarini ham ilhomlantirmoqda. Menga Oʻzbekiston hukumati oʻz fuqarolarini birinchi boʻlib evakuatsiya qilgani haqida xabar berildi. Bu haqda eshitganimdan soʻng bu qadamni oʻz fuqarolari uchun otalarcha gʻamxoʻrlik, deb oʻyladim. Yaqinda biz ham shunga oʻxshash vaziyatni oʻz boshimizdan oʻtkazdik. Sizga qoʻshni boʻlgan mamlakatni tark etayotgan fuqarolarimiz va Yevropa mamlakatlari fuqarolaridan xavotirda edik. Biz ularni evakuatsiya qilish uchun ushbu murakkab operatsiyani faqat Oʻzbekistonning faol koʻmagi bilan amalga oshira oldik. Bu yordamni Polsha hech qachon unutmaydi”, dedi Andjey Duda.

Polsha Prezidenti, shuningdek, oʻzbekistonliklar bilan suhbatlashib, ularga dalda boʻladigan gaplarni aytdi.

Shaxsan uning buyrugʻi bilan shahar hokimligi 4 ming nafardan ortiq Oʻzbekiston fuqarolarini aeroportga olib borish uchun bepul avtobuslar ajratdi. Hammasi boʻlib 90 ta avtobus qatnovlari yordamida vatandoshlarimiz Katovetse shahri aeroportiga yetkazildi.

Polsha Prezidenti va hukumati, Tashqi ishlar vazirligi, migratsiya xizmatlari, Qochqinlarni evakuatsiya qilish boʻyicha maxsus komissiya, politsiya, transport xodimlari, chegarachilar, Katovitse shahri aeroporti xodimlari, shifokorlar, koʻngillilar oʻzbekistonliklarning Vatanga qaytishiga juda katta yordam koʻrsatdilar. Elchixona iltimosiga koʻra, Polsha Tashqi ishlar vazirligi mamlakatda 15 kun davomida qolish huquqi bilan Oʻzbekiston fuqarolariga davlat chegarasini kesib oʻtishda vizasiz rejimga ruxsat berdi (Yevropa Ittifoqi chegarasi). Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurash doirasida qabul qilingan PSR-test natijalarini talab qilish sharti bekor qilindi.

Biz odamlarning his-tuygʻularini jumbushga keltiradigan taʼsirchan holatlarga ham juda koʻp marotaba duch keldik. Fuqarolarimiz toʻplanadigan joyga har kuni bir necha oʻnlab mashinalar keldi. Ularning egalari boʻlgan yoshlar va keksa odamlar fuqarolarimizni aeroportga bepul olib borib qoʻyishni chin dildan taklif qildilar. Bundan tashqari, polshalik koʻngilli shaxsiy avtomobil egalari yoʻl davomida vatandoshlarimizga oziq-ovqat, suv sotib olib berishgan. Hatto, bir nafar fuqarolarimizning sogʻligʻida muammo kuzatilgani sababli unga tibbiy yordam ham koʻrsatilgan.

Polshalik koʻngillilar ishtirokida oʻzini yomon his qilgan 3 nafar homilador ayolga tez yordam koʻrsatish maqsadida eng yaqin kasalxonaga eltib qoʻyilgan holat ham roʻy berdi. Ularga zarur tibbiy muolajalar koʻrsatilganidan soʻng ertasi kuni oʻsha haydovchilar ayollarimizni toʻgʻri samolyot zinasiga yetkazib olib kelishdi.

Biz uchun ushbu qiyin davrda eng yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etgan Polsha hukumati va mamlakat fuqarolariga chin koʻngildan minnatdorlik bildiraman.

Bunday fors-mojor holatlar tez-tez sodir boʻlmaydi. Bunda 2019-yili pandemiya boshlanganidan keyin fuqarolarimizni evakuatsiya qilish boʻyicha toʻplangan tajriba bizga juda asqotdi. Oʻzbekistonning Ukraina va Polshadagi elchixonalari evakuatsiya jarayonini avvalboshdanoq jiddiy nazorat ostiga olgan holda muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Qiyin vaziyatdan chiqib, eson-omon Vatan sari yoʻlga olgan barcha hamyurtlarimiz, avvalo muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga, Oʻzbekiston hukumatiga, diplomatiya vakolatxonalari xodimlariga oʻzlarining samimiy minatdorliklarini bildirishdi. Yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi va yuksak eʼtibori tufayli Vatanimizga sogʻ-salomat qaytish imkoniyatiga ega boʻlganliklarini qayta-qayta taʼkidladilar.

Albatta, ularning koʻpchiligi jangovar harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga qaytishlari mumkin. Ammo bugun ular uylariga borib, oila aʼzolari, yaqinlari davrasida – tinch, jonajon Oʻzbekistonimiz bagʻridan qoʻnim topdilar.