Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati aʼzolari, Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili devoni, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va boshqa hamkorlar ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus, BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakili Xans Fridrix Shodder soʻzga chiqdi.
Akademik A.Saidov taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston hukumati mamlakatimiz hududida fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish yoʻlida qatʼiy qadamlar qoʻymoqda. Mamlakatda 2014-yildan eʼtiboran yuz ming nafardan ziyod shaxsning fuqarolikka ega emasligi aniqlangan boʻlib, oʻtgan davrda shundan 83 ming 793 nafarining bu muammolari ijobiy hal etilgan”.
Fuqarolik va fuqarolikka ega emaslik boʻyicha parlament aʼzolariga moʻljallangan yoʻriqnoma – global nashr boʻlib, unda fuqarolikka ega emaslik koʻlamini qisqartirishga taalluqli amaliy qadamlar bayon etilgan. Nashrda uzoq muddatga choʻzilgan fuqarosizlik vaziyatiga maqbul yechim topishda hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi saʼy-harakatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etganiga oid hayotiy misollar ham keltirilgan.
K.Vidal Bryus xonimning qayd etishicha, “Fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatish yoʻlidagi saʼy-harakatlar Barqaror taraqqiyot maqsadlari va uning “hech kimni ortda qoldirmaslik” degan asosiy prinsipiga mos keladi. Binobarin, bularning barchasi insonlarning integratsiyasi va himoyasini taʼminlashga qaratilgan”.
Fuqarolikka ega emaslik yoki muayyan shaxsning qaysidir mamlakat fuqarosi sifatida tan olinmasligi vaziyatini butun dunyoda millionlab insonlar oʻz boshidan kechirib kelyapti. Fuqarolikka ega emas va zarur hujjatlarsiz shaxslar asosiy huquqlari, jumladan, taʼlim olish, rasman ishga joylashish, tibbiy xizmat yoki nikohini rasmiylashtirish huquqlaridan koʻpincha foydalana olmaydilar.
BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi 2014-yili fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatishga qaratilgan “#Ibelong” global kampaniyasini boshlagan. Hozirga qadar Oʻzbekiston fuqarolikka ega emas shaxslar huquqlarini taʼminlashda yaqqol natijalarga erishdi. Oʻzbekistonning bu boradagi ulkan yutugʻi shundaki, mamlakatda 2020-yili fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun takomillashtirildi va tugʻilish holatlarini roʻyxatga olish amaliyotiga oʻzgartirishlar kiritildi.
“Biz 2024-yilgacha fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatishga qaratilgan #Ibelong” kampaniyasi maqsadlariga erishish, jumladan, 1954 va 1961-yilgi Fuqarolikka ega emaslik holatlari toʻgʻrisidagi konvensiyalarga qoʻshilish yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni maʼqullashi borasida Oʻzbekiston Respublikasini qoʻllab-quvvatlash ahdimizda avvalgidek sodiqmiz”, dedi janob X.Fridrix Shodder.
Maʼlumki, 2023 yil birinchi yarmidagi holatga koʻra, Oʻzbekistonda 25 ming 413 nafar fuqarolikka ega emas shaxs yashaydi. Bu – Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng katta koʻrsatkich boʻlib, ayni shaxslarning aksariyati sobiq Sovet ittifoqining sobiq fuqarolari va ularning avlodlari hisoblanadi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020-yildan buyon BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan samarali hamkorlik qilib keladi. Bunda Universal davriy hisobotning fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish hamda qochoqlarni himoya qilishga taalluqli tavsiyalarini bajarishda Oʻzbekistonning mavjud salohiyatini ragʻbatlantirishga alohida ahamiyat qaratilyapti.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining matbuot xizmati.