Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida jahon futboli afsonalari bilan uchrashuv tashkil etildi

    Yoshlar oyligi doirasida jahon futboli afsonalari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Braziliya va Italiyaning yaqin oʻtmishdagi yulduzlari Dida, Serjinio, Kristian Panuchchi va Kristian Zakkardo kabi futbolchilar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida mehmon boʻldi.

    Futbol afsonalari dastlab oʻzbek futboli tarixini aks ettiruvchi muzey bilan tanishdilar. Shundan soʻng OʻFA, MOQ, BMB Holding kompaniyasi rahbariyati hamda bugungi martabali mehmonlar ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

    Uchrashuv avvalida mamlakatimizda sport, xususan, futbolga berilayotgan eʼtibor natijasida bugungi kunda ushbu yoʻnalish yuksak darajada rivojlanib borilayotgani qayd etildi. Bu turli terma jamoalarimizning natijalarida aks etayotgani, shuningdek, futbolni rivojlantirish, unga yoshlarni keng jalb qilish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha futboli rivojlangan davlatlar bilan qoʻshma dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

    Futbol afsonalari ham oʻz oʻrnida yurtimizda havaskor va professional futbolni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va xalqaro arenalardagi natijalar, xususan ilk bor Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritilganini yuqori baholadilar.

    Uchrashuv davomida futbolni ommalashtirishga qaratilgan dolzarb tashabbus va rejalar yuzasidan fikr almashildi. Italiya va Braziliya futboli afsonalari ishtirokida kelajakda bir nechta loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.