Ushbu turnir anʼanaga koʻra nafaqat nufuzli kubok uchun kurash, balki Olimpiada oʻyinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi sifatida koʻriladi. Shu bois har bir oʻyin shiddatli va murosasiz oʻtishi kutilmoqda.
Jamoamiz uchun ushbu turnirning oʻziga xos jihati shundaki, Saudiya Arabistoniga U-21 yosh toifasidagi terma jamoa yoʻl oldi. Mazkur musobaqa yangi olimpiya jamoasini shakllantirish va milliy futbolning yaqin zaxirasini sinovdan oʻtkazish uchun muhim maydon boʻladi.
Oʻzbekistonliklar “B” guruhida bahs olib boradi. Jamoamiz ilk uchrashuvini 7-yanvar kuni Livan terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Shundan soʻng, 10-yanvarda Eron bilan oʻyin boʻlib oʻtadi. Guruh bosqichidagi soʻngi oʻyin 13-yanvar kuni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi boʻladi. Aynan ushbu uchrashuvlar natijasiga koʻra, pley-off bosqichida medallar uchun kurashni davom ettiradigan jamoalar aniqlanadi.
Saudiya Arabistonidagi musobaqa Oʻzbekistonning yosh futbolchilari uchun Osiyo maydonida oʻzini koʻrsatish, xalqaro tajriba orttirish va Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etish uchun ajoyib imkoniyatdir.