Oʻzbekiston gender tenglikni taʼminlash yoʻnalishida Belgiya bilan hamkorlik olib boradi

    Xalqaro hamkorlik 13 Mart 2024 769

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Nyu-Yorkka amaliy tashrifi davomida Belgiya Gender tenglik, teng imkoniyatlar va xilma-xillik boʻyicha Davlat kotibi Mari-Kollin Leroy bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston va Belgiya oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ayollarning ixtisoslashgan tashkilotlari orqali oʻzaro hamkorlikni faollashtirish masalalari muzokaraning asosini tashkil etdi.

    Tomonlar mazkur yoʻnalishda oʻzaro tajriba almashish, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikrlashib oldilar.

    Mari-Kollin Leroy Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan xotin-qizlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi.

    Senat Raisi Mari-Kollin Leroyni joriy yilda yurtimizda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Osiyo xotin-qizlar forumiga taklif etdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.