Oʻzbekiston Germaniyada boʻlib oʻtayotgan «ITB Berlin» sayyohlik koʻrgazmasida ishtirok etyapti

    Turizm 7 Mart 2024 451

    2024-yil 5-7-mart kunlari Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi, mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari, turoperatorlar, onlayn platformalar, aviakompaniyalar va boshqa turizm sohasi mutaxassislarini bir joyda jamlagan dunyodagi eng yirik sayyohlik koʻrgazmasi – “ITB Berlin” (Internationale Tourismus-Börse Berlin) ishida ishtirok etyapti.

    Berlindagi “Messe Berlin” koʻrgazma majmuasida oʻtkazilayotgan tadbirda dunyoning 180 dan ortiq davlatidan 11 mingdan ziyod turizm va turdosh soha vakillari oʻz stendlari bilan ishtirok etyapti.

    Koʻrgazmada mamlakatimizning Berlindagi elchixonasi va GIZ-Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati koʻmagida Oʻzbekiston sayyohlik brendining milliy stendi tashkil etilib, unda koʻrgazma ishtirokchilari va mehmonlari mamlakatimizning boy madaniyati, anʼanalari va urf-odatlari bilan yaqindan tanishyapti.

    Milliy stendda 30 dan ortiq mahalliy sayyohlik tashkilotlari oʻzlarining sayyohlik xizmatlari va mahsulotlarini namoyish etyapti, jumladan, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati, “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi, “Rocket DMC Uzbekistan” kompaniyasi va Oʻzbekiston mehmonxona xoʻjaliklari uyushmasi mamlakatning yirik mehmonxonalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan ishtirok etyapti.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini xorijda targʻib qilish va sayyohlar oqimini koʻpaytirishga qaratilgan turizm sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida qator uchrashuvlar oʻtkazyapti.

    Koʻrgazmada 400 dan ortiq maʼruzachilar ishtirokida 200 dan ortiq panel sessiyalari oʻtkazilishi rejalashtirilgan va tashrif buyuruvchilar soni 160 mingdan oshishi kutilyapti, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda Germaniyadan Oʻzbekistonga 29 608 nafar sayyoh tashrif buyurgan.