Oʻzbekiston Global innovatsion indeksda 93 oʻrinni egalladi

    Mamlakatimizda 2 Sentabr 2020 8206

    Joriy yilning 2-sentyabr kuni Butun Jahon Intellektual Mulk Tashkiloti va Kornel Universiteti tomonidan Global innovatsion indeks reytingining navbatdagi 2020-yil “Innovatsiyani kim moliyalashtiradi?” mavzusidagi 13-soni eʼlon qilindi.

    Har yili 24-iyul sanasida chop etilishi anʼanaga aylangan nashr bu yilgi pandemiya taʼsiri ostida kechiktirilgani maʼlum qilingan edi.

    Xoʻsh, bu yilda dunyo mamlakatlarining innovatsion faoliyatidagi dinamikasida qanday oʻzgarishlar yuzaga keldi?

    Avvalo Oʻzbekistonning uzoq muddatli tanaffusdan soʻng yana qayta Global innovatsion indeksi reytingida roʻyxatga kiritilgani biz uchun asosiy va shu bilan birga muhim boʻlgan oʻzgarishlardan biridir. Buni albatta respublikamizda olib borilayotgan islohotlarning, xususan shaffoflik va ochiqlik siyosati hamda innovatsion faoliyatdagi ijobiy oʻzgarishlarning natijalari deya eʼtirof etish mumkin.

    Oʻzbekiston Respublikasi soʻngi marotaba 2015-yil ushbu xalqaro reytingda 140 dan ortiq davlatlar ichida 122 oʻrinni egallagani maʼlum. 2020-yilda Oʻzbekiston 131 dan ortiq dunyo mamlakatlari ichida 93 oʻrinni egalladi.

    2020-yilda 80 ta koʻrsatkichlardan iborat boʻlgan Global innovatsion indeks reytingida Oʻzbekiston dunyo mamlakatlari ichida Institutsional rivojlanish (Institutions), Inson kapitali va ilmiy tadqiqot faoliyati (Human capital & research), Infratuzilma (Infrastructure), Bilim va texnologiyalar natijadorligi (Knowledge & technology outputs) va Ijodiy natijadorlik (Creative outputs) kabi yoʻnalishlardagi indikatorlarda ijobiy natijalarga erishganini koʻrish mumkin.

    Shu oʻrinda, Global innovatsion indeks reytingda yetakchilik qilayotgan davlatlar, respublikamizga qoʻshni boʻlgan va boshqa ayrim iqtisodiyotlarning ham 2020-yildagi erishgan natijalarini keltiramiz. Shveysariya- 1 oʻrin, Rossiya – 47 oʻrin, Qozogʻiston – 77 oʻrin, Qirgʻiziston – 94 oʻrin, Tojikiston – 109 oʻrinni egallagan.

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5544-sonli “2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiya toʻgʻrisida”gi Farmonida asosiy vazifalardan biri etib 2030-yilga qadar respublikamizni Global innovatsion indeks baholash reytingida yetakchi 50 ta davlatlar qatoriga kiritilishi belgilangan.

    – 2020-yil Oʻzbekiston Global innovatsion indeksiga qaytdi, – deb sharh berdi mazkur mavzu yuzasidan Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Mana shu qaytishning oʻzi yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijasidir. Oʻzbekistonning 93-oʻrinda boʻlishi hozirgi paytda ilm-fanga berilayotgan eʼtibor, innovatsion rivojlanishiga qaratilgan resurslarning samarasidir. Oxirgi yillarda ilm-fanga kiritilgan investitsiyalar, nomativ-huquqiy hujjatlar bazasining shakllantirilishi, eng muhimi, olimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va ijod erkinligi Global innovatsion indeksdagi oʻrnimizni belgiladi. Buni kelajakda ilm-fan va innovatsiyalarga katta investitsiyalarni jalb qilish uchun bir qadam deb hisoblash mumkin.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli davlat boshqaruv organlari va idoralari bilan yaqin hamkorlikda soʻngi yillarda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishini taʼminlashga qaratilgan salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan,

    • Global innovatsion indeks xalqaro reytingi asoschilari va 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlari bilan bir qator uchrashuvlar va muzokaralar olib borish orqali hozirgi kunga qadar Oʻzbekistonning reytingga kiritilishi uchun toʻsiq boʻlib turgan muammolar oʻrganildi.
    • Oʻzbekistonning Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi uchun taqdim etilmagan va eskirgan maʼlumotlar roʻyxati yuqoridagi hamkorliklar natijasida shakllantirildi va belgilangan xalqaro talablar asosida taqdim etish masalalari hal etildi.
    • Oʻzbekistonning Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi va mavjud muammolarni tizimli ijobiy hal etish maqsadida mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan koʻplab rasmiy uchrashuvlar oʻtkazildi. Xususan, 2019-yil 29-31-oktyabr kunlari InnoWeek.uz 2019 innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Butun Jahon Intellektual Mulk Tashkiloti rahbariyati, Elsevier vakillari va boshqa xorijiy tashkilotlar ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasini Global innovatsion indeks reytingidagi oʻrnini yaxshilash” mavzusida davra suhbati tashkil etilgan.

    Global innovatsion indeks 15 ta xalqaro indekslar, 4 ta Jahon iqtisodiyot forumi (World Economic Forum) tomonidan olib boriladigan soʻrovnomalar va 61 ta koʻrsatkichlarga tegishli miqdoriy statistik maʼlumotlardan tashkil topgan. 2015-yil holati boʻyicha oʻrganilganda, respublikamiz ushbu reytingda 141 ta davlatlar ichida maʼlumotlarning yetarli darajada emasligi va mavjud statistik maʼlumotlarning eskirganligi boʻyicha 4-oʻrinda deb topilganligini inobatga olgan xolda, Oʻzbekistonning 2020-yilda ushbu reytingda aks etishi ham xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

    Mamlakatimizdagi innovatsion faoliyatda tub ijobiy burilishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam tarzda eʼtirof etib kelinmoqda. Jumladan, Global innovatsion indeks nashrining bu yilgi sonida mamlakatimizning innovatsion faoliyatidagi oʻzgarishlariga toʻxtalib, soʻngi yillardagi davomiy va tizimli islohotlarning natijasi Oʻzbekistonning Global innovatsion indeksga 2020-yilda kiritilishi va Oʻrta Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari ichida toʻrtinchi oʻrinda ekanligi taʼkidlangan.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil Global innovatsion indeksga kiritilishida yaqindan hamkorlik qilgan barcha vazirlik va idoralarga hamda xorijiy tashkilotlarning respublikamizdagi barcha rasmiy vakolatxonalariga xususan, Moliya vazirligi, Markaziy bank va Davlat statistika qoʻmitasiga oʻz minnatdorchiligini bildiradi.