Oʻzbekiston hamda Rossiya Notarial palatalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 5 Noyabr 2022 1166

    Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasida joylashgan “Samarkand Regency Amir Temur“ mehmonxonasi konferens zalida “Notariat faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi Xalqaro konferensiya oʻtdi.

    Konferensiyada soʻzga chiqqanlar Oʻzbekistonda notariat sohasida amalga oshirilgan inqilobiy oʻzgarishlar, tashkil etilganiga 2 yildan oshgan Notarial palataning erishgan muvaffaqiyatlarini eʼtirof etdi.

    Shundan soʻng Rossiya Federal Notarial palatasi hamda Oʻzbekiston Notarial palatasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Xalqaro konferensiya doirasida yana bir muhim tadbir oʻtkazildi, yaʼni Moskva shahar Notarial palatasi hamda Oʻzbekiston Notarial palatasining Samarqand viloyat boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.

    — Biz atigi 3 yilga yaqin muddatda faoliyat yuritayotgan, shu bilan birgalikda 30 yillik tajribaga ega Rossiya Federatsiyasi xususiy notariuslarining faoliyatiga ham joriy qilsa boʻladigan yangiliklari bor Oʻzbekiston Notarial palatasi bilan hamkorlik memorandumi imzolaganimizdan xursandmiz, — dedi oʻz intervyusida Rossiya Federal Notarial palatasi prezidenti Konstantin Anatolyevich Korsik.

    Konferensiya doirasida mehmonlar eʼtiboriga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xodimi Umidjon Valiyev tomonidan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini taqdimot qilindi.

    “Notarius” AAT xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar hamda fuqarolar uchun juda katta qulaylik yaratgan. Ayniqsa, davlat organlari va tashkilotlarining elektron bazasi bilan integratsiya qilini, fuqarolarning tashkilotlar oʻrtasida sarsongarchiliklarining oldini oladi.

    Misol uchun, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati elektron bazasi bilan integratsiya fuqaroga tegishli avtomototransportning rusumi, raqami, unga qoʻyilgan taqiq va boshqa maʼlumotlarni tizim orqali koʻrish imkonini beradi.

    Rossiyalik notariuslar “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida notarial harakat uchun toʻlovlar qanday amalga oshirilishi bilan tanishdilar. Rossiya notariuslari Oʻzbekiston notariuslarining elektron tizim orqali notarial harakatlari bilan qiziqdilar. Tadbir savol-javoblarga boy boʻldi.