Shuningdek, bu yil Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligiga 30 yil to‘lishi, ushbu davr mobaynida barqaror taraqqiyotni taʼminlash va milliy davlatchilikni mustahkamlash uchun keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Qonunchilik va institutsional asoslarni yaratish hamda mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali gender tenglikni taʼminlash borasida ham juda katta ishlar amalga oshirildi.
Senat raisi muloqotning barcha ishtirokchilari tomonidan yaratilayotgan poydevor davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhit muhofazasi, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, taʼlim, ilm-fan, sanʼat va umuman, gender tenglikni taʼminlash sohalarida Markaziy Osiyo xotin-qizlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotidagi raisligi doirasida o‘zaro hamkorlik mexanizmini mintaqada xotin-qizlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi, sifatli maslahatlashuvlar platformasiga aylantirish uchun barcha saʼy-harakatlarini ishga solmoqchi ekani bildirdi.
Parlamentning yuqori palatasi rahbari Muloqotning 2021 yilga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi, shuningdek, Barqaror rivojlanish sohasida tadbirkor xotin-qizlar o‘rtasidagi hamkorlik “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning asosiy yo‘nalishlariga urg‘u berdi.
Forum yakunlari bo‘yicha Deklaratsiya qabul qilindi. Ushbu hujjatda xotin-qizlar hayoti va faoliyatining barcha sohalardagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati