Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekistonda boʻlishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda

    Qonun loyihasiga koʻra, mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga besh yil davomida Oʻzbekistonga kirish taqiqlanadi.

    Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi va qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palataga kiritildi.

    Qonun loyihasi hozirgi globallashuv sharoitida Oʻzbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligini muhofaza qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilashga zaruratidan kelib chiqadi.

    Xususan, loyiha bilan Qozogʻiston, Ozarbayjon, Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Belarus, XXR kabi davlatlarning ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:

    Birinchidan, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda.

    Mazkur shaxslar tomonidan quyidagi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etish ularni Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topish uchun asos boʻladi: Oʻzbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan; davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi; Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi.

    Ikkinchidan, mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga besh yil davomida quyidagilar taqiqlanadi: Oʻzbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, koʻchmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish.

    Uchinchidan, Oʻzbekistonda vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsning mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilishi uning Oʻzbekiston hududida qonuniy asoslarda yashash va boʻlish huquqini bekor qilishga hamda mazkur shaxs deportatsiya qilishga sabab boʻladi.

    Toʻrtinchidan, qonun loyihasida mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarni deportatsiya qilish asoslari va tartibi nazarda tutilgan.

    Xususan, shaxs mamlakatda boʻlishi nomaqbul deb topilganligi toʻgʻrisida Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan eʼtiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekistondan chiqib ketishi kerak, agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, yaʼni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.

    Qonun loyihasi Oʻzbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, yurtimizda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda Oʻzbekiston xalqining shaʼni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini taʼminlashga qaratilgan.