Oʻzbekiston harbiy delegatsiyasi Hindiston Piyodalar maktabi faoliyati bilan tanishdi

    Harbiy 19 Dekabr 2023 591

    Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Hindiston Quruqlikdagi qoʻshinlarining Piyodalar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Madxya-Pradesh shtati Mxov shahriga tashrif buyurdi.

    Tashrif davomida harbiy delegatsiyamiz Piyodalar maktabi boshligʻining oʻrinbosari general mayor Ajay Kumar bilan muloqot oʻtkazdi, markazdagi tayyorgarlik tizimiga oid taqdimot bilan tanishdi, markazga qarashli “Bargonda” dala oʻquv maydoni infratuzilmasini koʻzdan kechirdi hamda amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etdi.

    Piyodalar maktabi boshligʻining oʻrinbosari merganlarni tayyorlashda muntazam ravishda bilimlarni oshirish va oʻzaro tajriba almashish muhimligini bildirib, mazkur sohada mamlakatimiz Mudofaa vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

    Oʻz navbatida Piyodalar maktabi boshligʻi general-leytenant Gajendra Joshi bilan oʻtkazilgan uchrashuvda u mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalari, davlat va hukumat rahbarlarining oʻzaro munosabatlari hamda Mudofaa vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik holatini yuqori baholadi.

    Ikki mamlakat Mudofaa vazirliklari oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida merganlar tayyorgarligi yoʻnalishida muntazam oʻzaro tashriflar, trening va tajriba almashish mashgʻulotlarini yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.

    Hindiston Quruqlikdagi qoʻshinlarining Piyodalar maktabida merganlarni tayyorlash boʻyicha yaratilgan sharoitlar, maktab infratuzilmasi, oʻq otish maydonlarining relyef xususiyatlari hamda yoʻriqchilarning mashgʻulot oʻtkazish malakasi mamlakatimiz delegatsiyasi tomonidan ijobiy baholandi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.