Oʻzbekiston harbiylari xalqaro musobaqada rekord natija bilan gʻolib boʻldi

    Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokiston Islom Respublikasi hududida oʻtkazilgan VIII Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida ishtirok etdi.

    Musobaqada Oʻzbekiston razvedkachilari rekord natija bilan Vatanimiz bayrogʻini baland koʻtarishga muyassar boʻlib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.

    Musobaqa Pokiston Islom Respublikasi Qurolli Kuchlariga qarashli 22 armiya korpusining Terrorizmga qarshi kurashish milliy oʻquv markazi (Pabbi sh.) bazasida oʻtkazildi.

    Unda jami 14 ta davlat – Oʻzbekiston, Bahrayn, Saudiya Arabistoni (4 ta jamoa), AQSH, Marokash, Xitoy, Iordaniya, Iroq, Turkiya, Maldiv orollari, Shri Lanka, Belarus Respublikasi, Qozogʻiston va Qatardan 17 ta xalqaro jamoa va Pokiston Islom Respublikasining 14 ta jamoasi bellashdi (umumiy 31 ta jamoa).

    Yakuniy natijalarga koʻra oʻrinlar quyidagicha:

    • 1-oʻrin – Oʻzbekiston Respublikasi jamoasi (95% natija);
    • 2-oʻrin – Xitoy jamoasi (74 % natija);
    • 3-oʻrin – Bahrayn jamoasi (65 % natija).

    Xalqaro musobaqaning yopilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi oltin medal bilan taqdirlandi.

    Mazkur musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi aʼzolari oʻzlarini Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanliklarini yaqqol namoyish etishdi. Harbiy xizmatchilarimiz oʻzlariga bildirilgan ishonchni toʻliq oqladilar.