Ukrainalik bloger Dmitriy Gordon Leonid Nevzlin bilan suhbatida Eronning bomba-dronlari Oʻzbekistonda yigʻilayotgani haqida maʼlumot bergan edi.

Mazkur masala yuzasidan Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi Matbuot xizmati bayonot bilan chiqdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi baʼzi bir ommaviy-axborot vositalarida tarqatilayotgan, goʻyoki Oʻzbekiston Ukrainadagi harbiy xarakatlarda qoʻllanilayotgan eron jangovar uchuvchisiz uchish apparatlarining (jangovar dronlar) ishlab chiqarish (yigʻish) maydoni ekanligi toʻgʻrisidagi xabarlarni qatʼiy inkor etadi.

Shu bilan birga, taʼkidlash joizki Oʻzbekiston hozirgi kunga qadar hech qachon Eron tomoni bilan hamkorlikda qurol-yarogʻ va harbiy texnika ishlab chiqarmaganligini va hozirgi kunda ham ishlab chiqarmayotganini maʼlum qiladi.

Shu munosabat bilan, Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi OAV orqali tekshirilmasdan turib tarqatilayotgan bu kabi xabarlar jamoatchilik eʼtiborini yolgʻon maʼlumotlar bilan chalgʻitishi hamda Oʻzbekistonning xorijiy davlatlar bilan doʻstona munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishiga sabab boʻlishi mumkin deb hisoblaydi.