Tomonlar delegatsiyalariga Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Bahromjon Aloyev va Hindiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sanjay Verma rahbarlik qildi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston-Hindiston kun tartibidagi keng koʻlamli masalalar, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish istiqbollari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni, jumladan, sanoat kooperatsiyasini amalga oshirish boʻyicha takliflarga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki mamlakat parlamentlari, hukumatlari va mintaqalari oʻrtasidagi boʻlajak muloqotlar jadvali koʻrib chiqildi.
Delegatsiyalar xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalarini, shuningdek, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi Oʻzbekiston-Hindiston aloqalarini muhokama qildilar, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.