Muloqot chogʻida Oʻzbekiston hududlari va Hindistonning mazkur shtati oʻrtasida axborot texnologiyalari, taʼlim, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, turizm va boshqa sohalarda hamkorlik qilish, hududlararo aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga Karnataka shtati investitsiyalari, ilgʻor texnologiyalari va innovatsion yechimlari, bilim va koʻnikmalarini jalb etish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
2022-yil avgust oyida Jizzax viloyati hokimi va Karnataka shtati bosh vaziri uchrashuvida erishilgan kelishuvlarga asosan, Jizzax va Karnataka oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar sohalarda hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash jarayonini tezlashtirish muhimligi qayd etildi.
Rajnish Goyel Karnataka shtati Oʻzbekiston bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor ekanini bildirib, bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar faollashtirilishini maʼlum qildi. Axborot texnologiyalari va turizm eng samarador yoʻnalishlar boʻlishi mumkinligiga eʼtibor qaratildi. U Oʻzbekiston sayyohlik kompaniyalarini 15-16-iyun kunlari Janubiy Hindiston shtatlarining turizm tarmogʻini rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkaziladigan tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.