Oʻzbekiston hududlari va Rossiyaning Saxalin viloyati oʻrtasidagi hamkorlik yanada jadallashadi

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari amaliy tashrif bilan Saxalin viloyatida boʻldi.

    Tashrif davomida Rossiya TIVning Yujno-Saxalinsk shahridagi vakolatxonasi rahbari Vladimir Nosov bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Muloqot chogʻida tomonlar turli yoʻnalishlarda amaliy hamkorlikni tashkil etish yuzasidan fikr almashdilar. Taʼlim sohasida ikki mamlakat oʻrtasidagi konstruktiv aloqalar mustahkamlanib borayotgani, buning natijasida Rossiyadagi oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik yoshlar soni oshayotgani taʼkidlandi.

    Suhbat chogʻida turli darajadagi boʻlajak qoʻshma tadbirlar, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama etildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida doimiy muloqotni davom ettirishga kelishib olishdi.

    Diplomatlar, shuningdek, Saxalin viloyati investitsiyalar, sanoat va tashqi aloqalar vaziri Vasiliy Grudev bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Vazir mintaqaga tashrif buyurgan Bosh konsulxona xodimlariga minnatdorlik bildirib, Saxalin viloyati va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qilishga tayyor ekanligini taʼkidladi.

    Konsulxona vakillari Oʻzbekistonda savdo-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdilar.

    Rossiya vakilining aytishicha, soʻnggi yillarda hududda Oʻzbekistondan keltirilgan meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari, shuningdek, yuqori sifatli va xalqaro talablarga javob beradigan maishiy va elektro texnika jihozlari ommalashib boryapti. Shu bilan birga, Oʻzbekistonning mahalliy aholi orasida jozibador sayyohlik yoʻnalishi sifatida mashhurligi ortib borayotgani taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Rossiyaning Saxalin viloyati oʻrtasida savdo-iqtisodiy, turizm va gumanitar aloqalarni birgalikda rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.