Oʻzbekiston hududlarida NNTlar uchun 5 ta kovorking — maydonlari ish boshlaydi

    Mamlakatimizda 15 Yanvar 2021 979

    “Innovatsiya uchun hamkorlik” dasturi doirasida jamoat tashkilotlari tomonidan zamonaviy resurs markazlari — NNTlar uchun kovorking — maydonlari modelini yaratish va rivojlantirish boʻyicha bildirilgan tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi.

    Fuqarolik faollarining salohiyatini oshirish uchun zarur texnikalar bilan taʼminlangan ish joyi va maydon endilikda beshta pilot NNT negizida tashkil etiladi:

    • “Nihol” tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish markazi (Toshkent viloyati);
    • “Hamdard” aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy, tibbiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash markazi (Xorazm viloyati);
    • “Ezgu niyat” NNT (Fargʻona viloyati);
    • “Toʻmaris” ayollar va yoshlar markazi (Navoiy viloyati);
    • “Taraqqiyot” aholini qoʻllab-quvvatlash va yuksaltirish markazi (Fargʻona viloyati).

    Hududlarda NNTlar kovorking — markazlarini rivojlantirish boʻyicha grant tanlovi fuqarolik faollarining, tashkiliy rivojlanish boʻyicha NNTlarning bilim va malakalarini oshirishga, muloqot uchun shu kabi maydonlarni yaratish orqali jamoatchilik tuzilmalari hamda davlat oʻrtasida oʻzaro foydali hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

    Jumladan, “Nihol” tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish markazi gender taʼlimi boʻyicha huquqiy-resurs kovorking — markazi ochishni maqsad qilgan. NNTlarning hamkorlikdagi faoliyati uchun sharoit yaratish orqali inson kapitalini toʻplashda infratuzilmani barpo qilish, ijtimoiy loyihalarni rivojlantirish koʻzda tutilgan. NNT xodimlari, psixologlar, volontyorlar uchun tashkiliy rivojlanish va strategik maqsad — oiladagi zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarga psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha treninglar oʻtkazish rejalashtirilgan.

    “Hamdard” NNT tomonidan tashkil etiladigan kovorking — markaz Xorazm viloyatidagi mahalliy NNTlarning bilim va kasbiy malakalarini oshirishga, ularga yetarli ish muhitini yaratishga, oʻquv va texnik resurslar bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan. Onlayn ishlashning zamonaviy vositalari (ZOOM platformasi va boshqalar)dan samarali foydalanish boʻyicha seminarlar oʻtkazish rejalashtirilgan. NNT xodimlari uchun treninglar va konsultatsiyalar davomida asosiy urgʻu volontyorlarga motivatsiya berish, loyiha yozish va ularni boshqarish, maqsadli guruhlar ehtiyojini baholash jihatlari hamda metodlariga qaratiladi.

    “Ezgu niyat” NNT Qoʻqon shahridagi nogironligi boʻlgan shaxslar va fuqarolik faollari uchun muvaffaqiyatli makon yaratish gʻoyasini ilgari suradi. Mazkur NNT mutaxassislari va trenerlari jamoat tuzilmalari xodimlariga loyiha talabnomalarini yozish, hisobot berish, auditorlik faoliyati, mablagʻ yigʻish strukturalarini oʻrgatadi. Maslahatchilar trening ishtirokchilariga onlayn va offlayn ravishda murabbiylik qiladi.

    “Toʻmaris” ayollar va yoshlar markazi NNTlarning samarali faoliyati uchun kovorking — maydon yaratyapti. Uning negizida Navoiy viloyatidagi NNTlar xodimlari Internetdan, shu jumladan NNTlar web-akademiyasidan, ofis uskunalaridan foydalanish, shuningdek, tashkiliy rivojlanish, xususan, ish yuritish, moliyaviy boshqaruv, mablagʻlarni boshqarish, mahalliy va xalqaro tashkilotlarga loyihalar yozish boʻyicha vakolatlarini oshirish imkoniga ega boʻladi.

    “Taraqqiyot” NNT qoshidagi kovorking — markaz esa ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlarining respublika assotsiatsiyasini tashkil etish gʻoyasini ilgari surmoqchi. Kovorkingdan NNTlar salohiyatini oshirishda, ularning faoliyatidagi texnik va axborot koʻmagi koʻrsatishdagi muammolarni hal etishda foydalaniladi. Xususan, tashkiliy rivojlanish va strategik maqsad, moliyaviy menejment va volontyorlik boʻyicha treninglar oʻtkazish rejalashtirilgan.

    Mamlakatimiz hududlarida kovorking — maydonlari sonini koʻpaytirish zamirida NNTlarning zamonaviy va qulay ish joyiga boʻlgan ehtiyojini qondirish, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining bilimlarini sifat jihatdan oshirish, NNTlar hamda davlat idoralari oʻrtasida samarali oʻzaro aloqalarni oʻrnatish maqsad qilingan, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.