- Soʻnggi yillarda Toshkent va Samarqand shaharlarida Afgʻoniston masalasiga bagʻishlangan qator konferensiya va uchrashuvlarning oʻtkazilishi Oʻzbekiston hukumatining afgʻon xalqi taqdiriga befarq emasligini yaqqol namoyon etmoqda.
Ana shunday munosabatning mantiqiy davomi oʻlaroq, 13-aprel kuni Samarqandda Afgʻonistonga qoʻshni davlatlar vazirlari konferensiyasining oʻtkazilgani, shubhasiz, tahsinga sazovordir.
Shu oʻrinda Samarqand uchrashuvida tashqi ishlar vazirlari ishtirok etgan Oʻzbekiston, Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlarining Afgʻoniston xavfsizligini mustahkamlash va iqtisodiy taraqqiyoti yuzasidan fikrlar mushtarak ekanligi tasdiqlanganini qayd etish joiz.
Xususan, Samarqand konferensiyasi ishtirokchilari Afgʻonistonni siyosiy tartibga solishga koʻmaklashish, ushbu mamlakatdagi gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish boʻyicha qator tadbirlarni amalga oshirishni koʻrib chiqdilar.
Umuman olganda, mana shunday tadbirlarning tashkil etilishi tomonlar oʻrtasida konstruktiv munozara yuritish uchun shart-sharoit yaratish va Afgʻonistonning yangi hokimiyati bilan pragmatik muloqot oʻrnatish boʻyicha umumiy yondoshuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Afgʻoniston xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda alohida ahamiyatga ega boʻlib, bunda Oʻzbekiston Respublikasining ulkan oʻrni bor.
Bundan tashqari, 14-aprel kuni Samarqandda “Rossiya – Markaziy Osiyo” formatidagi tashqi ishlar vazirlari yigʻilishining oʻtkazilishi Moskvaning ushbu mintaqa davlatlari bilan aloqalarining yanada mustakamlanib borayotganini koʻrsatadi.
Bunda mintaqada yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining mustahkamlanishiga va mutlaqo yangi konstruktiv hamkorlik muhitining yaratilishi yoʻlida Oʻzbekistonning naqadar muhim oʻrni mavjudiligini koʻrish mumkin.