O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi

    Xalqaro hamkorlik 17 Avgust 2024 312

    Joriy yilning 17-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz hukumati delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi.

    Tashrif doirasida Qobul shahrida Afg‘oniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar, Bosh vazirning ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Salom Xanafiy, Bosh vazirning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Kabir va Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mutakiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.

    Unda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar do‘stlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangani, O‘zbekiston Afg‘onistonga Markaziy Osiyoning uzviy va ajralmas qismi sifatida qarashi qayd etildi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidlaganlar.

    Aynan Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 2022-yilda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasida Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishda Afg‘oniston alohida o‘rin tutishi e’tirof etilgan.

    Shu ma’noda, O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib Afg‘onistonning muvaqqat hukumati bilan konstruktiv va o‘zaro maqbul muloqotni yo‘lga qo‘ygan.

    Uchrashuvlarda ana shu tamoyillar asosida Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, energetika sohasidagi samarali hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish, mis, temir, neft-gaz konlarini birgalikda o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, transport-logistika, qishloq va suv xo‘jaligi, ta’lim, hududlararo munosabatlarlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    Shuningdek, o‘zaro savdo aylanmasini joriy yilda 1 milliard dollarga, yaqin istiqbolda esa 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha barcha imkoniyatlar mavjudligi, buning uchun ishga solinmagan resurslarni o‘zaro manfaatli asosda amaliyotga izchil tatbiq etish lozimligi alohida ta’kidlandi.

    Bunda ikki tomonlama investitsiyalarni himoya qilish hamda imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga katta turtki berishi ma’lum qilindi.

    Bundan tashqari, o‘zaro manfaatli muloqotni muntazam davom ettirish, mushtarak sa’y-harakatlar bilan ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishning boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.

    Uchrashuv so‘nggida qator hujjatlar imzolandi.