Oʻzbekiston hunarmandlari Amerikadagi eng yirik xalq ijodiyoti anjumanida ishtirok etyapti

    Madaniyat 9 Iyul 2021 1013

    Oʻzbekistonlik bir guruh hunarmandlar 7-18-iyul kunlari Santa-Fe (Nyu-Mexiko) shahrida oʻtkazilayotgan “Xalqaro xalq amaliy sanʼati bozori” festivalida ishtirok etyapti.

    Mamlakatimizning Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi elchixonasidan maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston vakillari dunyoning 60 mamlakatidan kelgan 150 nafardan ortiq hunarmandni birlashtirgan ushbu yarmarkada muntazam ishtirok etib keladi. Festival davomida qariyb 3 million dollarlik xalq amaliy sanʼati mahsulotlari xarid qilinadi. Bu borada Oʻzbekiston vakillari har yili yetakchi boʻlib, ular festival chogʻida 250-500 ming dollargacha oʻz mahsulotlarni sotadi.

    Bu yilgi festivalda eng katta delegatsiyalardan biri oʻzbekistonlik hunarmandlar guruhi boʻldi. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida 20 dan ortiq hunarmand, jumladan, mashhur toʻquvchilar Gulnora Odilova, Fathullo Kenjayev rahbarligidagi gilam ustalari va boshqalar joy olgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Hunarmandlarimiz festivalning 6 ta stendida anʼanaviy sanʼat namunalarini, xususan, Buxoro, Samarqand va boshqa shaharlarimizning dunyoga mashhur sanʼat maktablari vakillari tomonidan toʻqilgan ipak va jun gilamlar, anʼanaviy matolardan tayyorlangan kiyim-kechak va boshqa mahsulotlarni namoyish etyapti.

    Tashkilotchilar va festival mehmonlari Oʻzbekiston amaliy sanʼatining oʻziga xos chiroyi, nafisligi va rang-barangligini yuksak baholayapti. Oʻzbek hunarmandlari tomonidan yaratilgan mahsulotlar xalq ijodiyoti muxlislari oʻrtasida ham katta qiziqishga sabab boʻlyapti. Oʻzbek ustalari yaratgan buyum va asarlar Oʻzbekistonning boy tarixini oʻzida mujassam etgan, shuningdek, yurtimizning koʻhnaligi va zamonaviyligini oʻzida uygʻunlashtirgan.