Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara Oʻrinboyeva maʼlum qildi.
Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlari – 30 dan optiq mustaqil manbalar asosida 213 ta mamlakatda davlat boshqaruvi sifati va samaradorligini global darajada oʻrganishga doir 6 ta mustaqil indikatorlardan tashkil topgan.
2023-yil sentyabrda eʼlon qilingan hisobotda Oʻzbekiston mustaqil indikatorlarning 3 tasi yaʼni, Zoʻravonlik va terrorizmning mavjud emasligi va siyosiy barqarorlik, Korrupsiyani tiyib turish hamda Huquq ustuvorligi indikatorlari boʻyicha koʻrsatkichlarni yaxshilashga erishdi.
“Jahon odil sudlov loyihasi” (World Justice Project) xalqaro nohukumat tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksi – huquq ustuvorligi sohasidagi maʼlumotlarni ekspertlar va aholi oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovlar orqali tadqiq etib, 8 ta indikator va 44 ta subindikator boʻyicha dolzarb maʼlumotlarni aks ettiradi.
2023-yil oktyabrda eʼlon qilingan Huquq ustuvorligi indeksida dunyoning 142 ta davlati orasida Oʻzbekiston 78-oʻrinni egalladi.
Taʼkidlash lozimki, 2016-yildan 2023-yilga qadar mamlakatimiz huquq ustuvorligi eng tez yaxshilangan davlatlar orasida 8,9 foiz oʻsish koʻrsatkichi bilan birinchi oʻrinni egallaganligi eʼtirof etildi.
“Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan Korrupsiyani qabul qilish indeksida davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari ijobiy baholanmoqda. Indeksning 2023-yilgi nashrida Oʻzbekiston 180 ta mamlakat orasida 121-oʻrinni egallab, oʻz koʻrsatkichlarini 2022-yilga nisbatan 5 pogʻonaga yaxshiladi.
Shuningdek, mamlakatimiz “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan Matbuot erkinligi indeksining 2023-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan hisobotida 180 ta davlat ichida 148-oʻrinni egalladi.