MDH davlat rahbarlari kengashining bu yilgi yig'ilishi ilk bor O'zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida videoanjuman shaklida bo'lib o'tdi. Sammit kun tartibida MDH doirasidagi ko'p qirrali hamkorlikning holati va ustuvor yo'nalishlari ko'rib chiqilib, o'zaro sheriklik munosabatlarini mustahkamlash bo'yicha birgalikdagi rejalar belgilab olindi. Unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz rivojiga, balki barcha a'zo davlatlar manfaatiga xizmat qilib, bugun hukm surayotgan murakkab sharoitdan qo'lni qo'lga berib chiqib keta olishga ham zamin yaratadi.
Jamshid QO'CHQOROV,
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari,
iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vaziri:
— Prezidentimiz o'z chiqishida bir muhim tashabbusni ilgari surdi.
Bu tashabbus — sanoat kooperasiyasini rivojlantirish. MDHga a'zo mamlakatlardagi sanoat tarmoqlari ko'p ma'noda bir-birini to'ldiradi. Bir-biri bilan bog'liq va ular qo'shilgan qiymat zanjirini paydo qiluvchi tarmoqlar, desak mubolag'a bo'lmaydi. Shu bois, davlatimiz rahbari kelgusi yilda Toshkentda sanoat kooperasiyasi forumini o'tkazish taklifini bildirdi. Albatta, bu forumga katta tayyorgarlik ko'rishimiz lozim bo'ladi. Unda o'zbekistonlik tadbirkor va sanoatchilar boshqa mamlakatlardan keladigan ko'plab hamkasblari bilan yirik shartnomalar tuzishga erishadi. Tadbir natijasida ishlab chiqarishni bog'lash, kooperasiyani rivojlantirish yuzasidan ko'plab kelishuvlarga umid qilamiz. Buning natijasida O'zbekistonning sanoat ishlab chiqarish salohiyati yanada yuksaladi, ish o'rinlari yaratiladi va natijada bu taklif xalqimizning farovonligiga xizmat qiladi.
MDH davlat rahbarlari kengashining muhim natijalari sifatida quyidagilarni aytib o'tishimiz mumkin. Birinchidan, MDHga a'zo mamlakatlarni iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi va uning 2021-2025 yillarga mo'ljallangan ish rejasi tasdiqlandi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish haqidagi bitim va innovasiyalar haqidagi strategiya imzolandi. Shuningdek, transport logistika xizmatlarini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanganini alohida ta'kidlab o'tishni istardim. O'zbekiston raisligida joriy yilda bo'lib o'tgan yig'ilishda mana shunday katta-katta hujjatlar qabul qilinishi mamlakatimiz rahbari MDHni rivojlantirishga qanchalik katta e'tibor berayotgani va shu orqali O'zbekiston milliy iqtisodiyotini rivojlantirishni ta'minlayotganining yaqqol misolidir.
Bir so'z bilan aytganda, MDHni rivojlantirish doirasida imzolangan bitim yoki konsepsiya bo'ladimi, hamma-hammasi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarga hamohang. Bu yana bir karra shuni ko'rsatadiki, MDH davlat rahbarlari kengashiga 2020 yildagi raislik to'liq O'zbekiston manfaatlariga xizmat qiladi.